AQSHda yana samolyot quladi
Olam
−
13 fevral
8569Kecha, 12 fevral kuni AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining elektron jangovar samolyoti San-Diyego ko‘rfaziga qulab tushdi. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.
Aniqlanishicha, San-Diyego yong‘in boshqarmasi rasmiylari tomonidan bu hodisa mahalliy vaqt bilan soat 10:16 dan keyin sodir bo‘lganini tasdiqlangan. Samolyot modeli Boeing EA-18G Growler hisoblanib, bortda faqat ikkita uchuvchi bo‘lgan. Ularni H&M Landing baliq ovlash kompaniyasi vakillari qutqargan. Ikkala uchuvchi ham mahalliy shifoxonaga yuborilgan.
Qayd etilishicha, samolyotning qulashiga “mexanik nosozlik” sabab bo‘lgan. Samolyot qoldiqlari hali ham suvdan chiqarilgani yo‘q. Voqea sodir bo‘lgan joyga esa yordam uchun 60 nafar xodim, ikkita o‘ch o‘chiruvchi mashina, ko‘pikli yuk mashinasi, vertolyot, ikkita qayiq va qutqaruvchi jamoa yuborilgan.
Ma’lumot uchun, EA-18G Growler taktik hujumchi samolyot bo‘lib, uning narxi taxminan 67 million dollarni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, 7 fevral kuni AQSHning Alyaska shtatida Bering Air aviakompaniyasining yo‘qolgan samolyoti Nom shahriga uchayotganda halokatga uchragani ma’lum bo‘lgandi. Samolyot bortidagi 10 kishining barchasi halok bo‘lgan.
Sara Komiljonova