AQSHda o‘limga olib keluvchi epidemiya boshlandi. Qurbonlar bor
Olam
−
19:06 1680 3 daqiqa
AQSHda Cyclospora paraziti keltirib chiqargan siklosporoz kasalligi tarqalishi davrida ilk bor ikki kishi vafot etdi. Bu haqda Michigan shtati Sog‘liqni saqlash departamenti ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, sog‘lig‘ida boshqa og‘ir muammolari bo‘lgan ikki nafar bemor vafot etgan. Shu tariqa, mamlakatdagi joriy epidemiya davomida ilk bor o‘lim holatlari rasman qayd etilgan.
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy 1 maydan buyon mamlakatning 45 shtatida Cyclospora bilan bog‘liq tasdiqlangan yoki gumon qilingan holatlar soni 18 mingdan oshgan. Bu AQSH tarixidagi eng yirik siklosporoz epidemiyasi hisoblanmoqda.
Kasallik eng ko‘p tarqalgan shtatlardan biri – Michigan hududida joriy yilning 22 iyunidan buyon 11,2 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Shtatda 190 nafardan ortiq bemor shifoxonaga yotqizilgan bo‘lsa, mamlakat bo‘ylab shifoxonaga yotqizilganlar soni 400 nafardan oshgan.
Mutaxassislarning aytishicha, Cyclospora odam najasi bilan ifloslangan oziq-ovqat va suv orqali yuqadi. Kasallikning eng ko‘p uchraydigan belgisi uzoq davom etadigan kuchli ich ketishidir. Ayniqsa, keksalar, immuniteti zaif shaxslar va surunkali kasalligi bor bemorlarda bu og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Mutaxassislar immuniteti zaif insonlar kasallikka ko‘proq moyil ekanini qayd etib, fuqarolarni oziq-ovqat gigiyenasiga rioya qilish va alomatlar paydo bo‘lganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilishga chaqirmoqda.
Rasmiylar ko‘plab holatlar oldindan to‘g‘ralgan aysberg salati iste’moli bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar qadoqlangan va oldindan to‘g‘ralgan mahsulotlar o‘rniga butun meva-sabzavotlarni tanlash, ularni oqar suvda yaxshilab yuvish hamda oziq-ovqat gigiyenasiga qat’iy rioya qilishni tavsiya etmoqda.
Ekspertlarning qayd etishicha, sog‘lom odamlarning aksariyati kasallikni yengil o‘tkazadi. Biroq uzoq davom etadigan ich ketishi va uning oqibatidagi suvsizlanish, ayniqsa keksalar, immuniteti zaif va surunkali kasalligi bor odamlarda og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Ularning fikricha, kasallikni erta aniqlash va antibiotiklar bilan o‘z vaqtida davolash og‘ir asoratlar xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
Ma’lumot uchun, siklosporoz – Cyclospora cayetanensis nomli mikroskopik parazit keltirib chiqaradigan ichak infeksiyasi hisoblanadi. Kasallik asosan odam najasi bilan ifloslangan suv yoki oziq-ovqat, ayniqsa xom sabzavot va mevalarni iste’mol qilish orqali yuqadi. Uning asosiy belgisi uzoq davom etadigan kuchli suvli ich ketishi bo‘lib, og‘ir holatlarda suvsizlanishga, ayniqsa immuniteti zaif, keksalar va surunkali kasalligi bor odamlarda jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Unga qarshi vaksina mavjud emas, biroq kasallik odatda antibiotiklar bilan muvaffaqiyatli davolanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasi g‘arbidagi Kvilu provinsiyasining bir nechta qishloqlarida noma’lum kasallik ikki hafta ichida 14 kishining hayotiga zomin bo‘lgan edi.
Live
Barchasi