AQSHda Turkiya bilan munosabatlarni tiklash uchun taklif berildi 

Olam

image

Turkiya AQSH va Ukraina bilan kelishib olishi kerak va Moskvaga qarshi kurashish uchun Rossiyaning S-400 tizimlarini Ukrainaga topshirishi lozim. Bu haqda AQSH Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Paul Kolbe “Wall Street Journal” nashriga aytgan.  

Uning eslatishicha, Anqaraning Rossiya qurollarini sotib olishi Vashingtonning keskin salbiy munosabatiga sabab bo‘lgan va AQSH bunga javoban Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotishni to‘xtatgan. 

“Uchlik o‘yin haqida nima deyish mumkin? AQSH Turkiyaga Rossiya harbiy samolyotlariga hujum qilish uchun Ukrainaga S-400 larni yuborishga yordam beradi, keyin esa turklarga F-35 larni yetkazib berishni davom ettirishni taklif qiladi”, degan Kolbe. 

Sobiq razvedkachi, shuningdek, bunday kelishuv Anqara va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni tiklashga yordam beradi, deb taxmin qilgan. 

Uning fikricha, Kiyevga S-400 yetkazib berish Rossiyaga zarar yetkazadi, Ukraina, Turkiya, AQSH va NATOga esa yordam beradi. 

Turkiya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarda inqirozga sabab bo‘lgan Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar 2019 yil iyul oyi o‘rtalarida boshlangan edi. Oqibatda Vashington kelishuvdan voz kechishni va buning o‘rniga Amerikaning Patriot tizimlarini sotib olishni talab qilib, Turkiyaga F-35 Lightning II qiruvchi samolyotlarini sotishni kechiktirish yoki hatto bekor qilish bilan tahdid qilgan. Ammo Anqara Moskva bilan kelishuvdan voz kechmagan va S-400 zenit-raketa majmualarini sotib olgan.

Eslatib o‘tamiz, 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya viloyatida Turkiya vositachiligida Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov uchrashuvi o‘tkazildi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li  ham ishtirok etgan uch tomonlama muzokara yakunida aniq bir kelishuvga erishilmagan bo‘lsa-da, tomonlar bunday muzokaralarni o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Turkiya Ukraina

Baholaganlar

317

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing