AQSHda tornado uylarni yer bilan yakson qildi (video)
Olam
−
07 may 3168 2 daqiqa
Kecha, 6 may kuni Amerikaning Missisipi shtatida yuz bergan kuchli tornado yuzlab uylarni vayron qildi, daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib, elektr uzatish tarmoqlarini uzib yubordi. Bu haqda mahalliy WAPT-TV telekanali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Linkoln okrugidagi kichik Boga-Chitto jamoasi ayniqsa qattiq jabr ko‘rgan, u yerda tornado treylerlar parkidagi mobil uylarni sochib yuborgan.
Mahalliy yashovchi Maks Maxaffi jurnalistlarga bergan intervyusida baland gulduros ovozni eshitgani va nima shovqin qilayotganini ko‘rish uchun tashqariga chiqqanini aytgan.
“Xonamga qaytganimda esa, xonaning o‘zi yo‘q edi”, deydi u.
Erkakning o‘zi jabrlanmagan, biroq uning buvisi to‘pig‘idan jarohat olgan, ba’zi qo‘shnilari esa yengil jarohatlar va ko‘karishlar bilan qutulib qolgan.
Milliy meteorologiya xizmati “juda katta va xavfli tornado” Linkoln okrugining sharqiy qismidan Lorens okrugi tomon harakatlanganini tasdiqlagan. Missisipi gubernatori Teyt Rivz shtatning markaziy va g‘arbiy qismlarida bir nechta tornado yuz berganini ma’lum qilgan.
“Missisipi uchun duo qiling”, deydi u.
Linkoln okrugi rasmiylari jiddiy zarar va bir necha kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan. Shuningdek, ular mahalliy aholini “vayronalarni tomosha qilish maqsadida sayohat qilishdan” tiyilishga chaqirgan, chunki yiqilgan daraxtlar tufayli yo‘llar favqulodda xizmatlar tomonidan yopib qo‘yilgan.
E’tiborli jihati shundaki, 3 maydan 9 maygacha Missisipida “Dovullarga tayyorgarlik haftasi” e’lon qilingan edi. Shtatda asosiy dovullar mavsumi iyun oyidan boshlanib, kuzning oxirigacha davom etadi.
Missisipi AQSHning janubi-sharqidagi tornado xavfi yuqori bo‘lgan “Diksi xiyoboni” deb ataluvchi mintaqaga kiradi. Shtatda bir yilda o‘rtacha 30 dan 35 gacha tornado qayd etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Oklaxoma shtatida kuchli tornado yuz berib, Enid shahrini deyarli butunlay vayron qilgani haqida xabar berilgan edi.