Xitoyda tornado sabab 11 kishi halok bo‘ldi (video)

Olam

image

Xitoyning Xubey provinsiyasida yuz bergan 2 ta tornado oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, tornado kecha, 6 iyul kuni kechqurun Xuanshi, Xuangan, Ejou va Syanin shaharlarini qamrab olgan. Tabiiy ofat vaqtida shamol tezligi soatiga 149 kilometrga yetgan. Kuchli shamol avtomobillarni ag‘darib yuborgan, binolarning tomlarini uchirib ketgan hamda infratuzilmaga jiddiy zarar yetkazgan.

Xubey meteorologiya boshqarmasi mutaxassisi Van Syaolinning aytishicha, mazkur hududda tornado juda kam uchraydi. Viloyatda so‘nggi marta bunday hodisa 2021 yil may oyida qayd etilgan.

CCTV davlat televideniyesi e’lon qilgan kadrlarda kuchli shamol oqibatida vayron bo‘lgan avtomobillar va binolar aks etgan. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin qutqaruv xizmatlarini suv toshqinlari va ko‘chkilardan jabr ko‘rganlarni qutqarish uchun safarbar etgan.

Milliy meteorologiya markazi yaqin kunlarda Xubeyning shimoli-sharqiy qismida, shuningdek, Guansi, Guangdong, Xaynan, Shandun, Lyaonin va Jilin hududlarida kuchli yomg‘irlar davom etishi haqida ogohlantirgan.

Bundan tashqari, Tinch okeanida kuchayib borayotgan “Bavi” tayfuni Tayvan tomon harakatlanmoqda. Sinoptiklar tayfun 10 iyuldan boshlab orolga ta’sir eta boshlashi, ayrim hududlarda bir metrdan ortiq yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkinligini bildirmoqda.

Tayvan hukumati tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun qariyb 29 ming nafar harbiy xizmatchini shay holatga keltirgan. Prognozlarga ko‘ra, “Bavi” Tayvanga yaqinlashganda biroz kuchsizlanishi mumkin, biroq u hanuz kuchli tayfun sifatida xavf tug‘dirishda davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya rasmiylari kuchli yomg‘irlar va tayfun tufayli Kyusyu va Okinavadan tortib Kinki mintaqasigacha bo‘lgan 13 ta prefekturadan 2,23 million aholini evakuatsiya qilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing