Yaponiyada tayfun sababli 2 milliondan ortiq aholi evakuatsiya qilindi

Olam

image

Yaponiya rasmiylari kuchli yomg‘irlar va tayfun tufayli Kyusyu va Okinavadan tortib Kinki mintaqasigacha bo‘lgan 13 ta prefekturadan 2,23 million aholini evakuatsiya qildi. Bu haqda Yaponiyaning Yong‘in va tabiiy ofatlarga qarshi kurashish agentligiga tayanib, TBS News xabar berdi.

Qayd etilishicha, 7-sonli tayfun va mavsumiy yomg‘irlar fronti ta’sirida Yaponiyaning g‘arbiy qismida kuchli yog‘ingarchilik kuzatilmoqda. Kagosima prefekturasida uch kishi jarohatlangani xabar qilingan. Fukuoka va Kagosima prefekturalarida 25 ta binoni suv bosgan. NHK telekanalining ma’lumotlariga ko‘ra, noqulay ob-havo tufayli Tyugoku va shimoliy Kyusyuning ayrim hududlarida ko‘chki xavfining 4-darajali ogohlantirishi e’lon qilingan.

“Tenki” ob-havo xizmatining aniqlik kiritishicha, 7-sonli tayfun Yaponiyaning Amami orolidan taxminan 230 km janubi-g‘arbda joylashgan va soatiga 15 km tezlikda shimoli-sharqqa qarab harakatlanmoqda. Markazga yaqin joyda shamolning maksimal tezligi soniyasiga 23 metrni tashkil etadi. Tayfun Yakusima orolidan taxminan 140 km janubi-g‘arbdan o‘tishi kutilmoqda. Yaponiyaning janubida yana bir – 8-sonli tayfun qayd etilgan bo‘lib, u soatiga 30 km tezlikda harakatlanmoqda. Sinoptiklarning prognozlariga ko‘ra, u mahalliy vaqt bilan yarim tunga yaqin Sionomisaki burnidan 160 km uzoqlikda o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning Okinava oroliga tayfun yopirilgani, buning oqibatida 15 dan ortiq kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan edi. O‘shanda noqulay ob-havo tufayli elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan, 300 dan ziyod aviareys bekor qilingan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing