AQSHda terroristik guruh yetakchisi 100 yilga qamaldi

Olam

image

AQSHning Texas shtatidagi federal immigratsiya markazida sodir etilgan qurolli hujum ishi bo‘yicha 8 kishi 30 yildan 100 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Reuters” xabar qildi.

Qayd etilishicha, prokuratura ushbu hodisani ichki terrorizm harakati deb baholagan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 4 iyul kuni qora taktik kiyimdagi “antifa” faollari Texasning Alvarado shahridagi AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE)ning Prairieland saqlash markaziga hujum qilgan. O‘q uzish oqibatida bir nafar politsiyachi yaralangan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, suiqasdga urinishda aybdor deb topilgan va hujum tashkilotchisi sifatida ko‘rsatilgan Benjamin Song eng og‘ir jazo – 100 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.

Fort-Uortdagi federal sudda yana 7 nafar sudlanuvchiga 30 yildan 70 yilgacha qamoq jazolari tayinlangan. Ularning aksariyati mart oyida tartibsizliklarni uyushtirayotganlik va terrorizmni qo‘llab-quvvatlash kabi ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topilgan edi.

Himoya tomoni vakillari esa sudlanuvchilar immigratsiya markazida saqlanayotganlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tinch namoyish o‘tkazishni rejalashtirganini, guruhning “antifa” harakati bilan aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan.

Benjamin Songning advokati Filip Xeys mijozining hukm ustidan shikoyat qilish niyatida ekanini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sudlanganlar “terrorchilar emas, balki o‘z fikrini eshittirishni istagan yoshlar”dir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada sud sobiq prezident Yun Sok Yolni 2024 yil oxirida kiritilgan harbiy holat bilan bog‘liq qo‘zg‘olon uyushtirishda aybdor deb topgan va unga umrbod qamoq jazosi tayinlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing