AQSHda miya chiplarini insonlarda sinab ko‘rishga ruxsat berildi 

Olam

image

Amerikaning “Synchron” startapi AQSH Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasidan miyaga o‘rnatiladigan chipni insonlarda sinovdan o‘tkazish uchun ruxsat oldi. Bu haqda “Daily Advent” nashri xabar bergan.  

Ta’kidlanishicha, inson miyasiga o‘rnatiladigan chipning klinik sinovlari falaj odamlarga elektron qurilmalarni ong bilan boshqarishga imkon beradi. 

“Kompaniya tijorat mahsulotini odamlarning boshlarida sinab ko‘rish uchun me’yoriy ruxsatni oldi”, degan “Synchron” bosh shifokori va Nyu-Yorkdagi Mount Sinai Health System’ning neyroxirurgiya professori doktor Jey Mokko. 

Qayd etilishicha, kompaniya Stentrode deb nomlangan chiplarni taklif qiladi, ular bo‘yinning pastki qismidagi qon tomirlari orqali miyaga o‘rnatiladi. Jarayon yurakka stent qo‘yishga o‘xshaydi. Ushbu neyrochiplardan foydalanish jarrohlik amaliyotini talab qilmaydi. 

“Synchron” o‘z qurilmasini birinchi marta 2016 yilda taqdim etgan. Startap Avstraliyadagi to‘rt kishida neyrochipni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgan. Tajriba davomida ishtirokchilar onlayn xarid qilgan, ijtimoiy tarmoqlarda xat yozgan va ong kuchidan foydalanib yelektron pochta xabarlarini yuborgan. Barcha ishtirokchilar falaj odamlar bo‘lgan. 

Agar tadqiqot muvaffaqiyatli bo‘lsa, “Synchron” ko‘p yillik tasdiqlash jarayonining keyingi bosqichiga o‘tishi mumkin bo‘ladi. Mokko “Synchron” qurilmasi bozorga taxminan 3-5 yil ichida chiqishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ta’kidlash joizki, “Synchron” chipni maymun miyasiga muvaffaqiyatli o‘rnatgan Ilon Maskning Neuralink kompaniyasidan oldinroq ruxsat olishga muvaffaq bo‘lgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida milliarder Ilon Mask tomonidan asos solingan Amerikaning Neuralink kompaniyasi maymunni muvaffaqiyatli ravishda chiplashtirib, uni videoo‘yinlar o‘ynashga o‘rgatgandi. 

Ma’lumot uchun, miyaga o‘rnatiladigan chiplar orqali masofadan turib fikrni uzatish, sun’iy ong orqali miya faoliyatini boshqarish, miya orqali kompyuterdan foydalanish, chip orqali miyadagi ma’lumotlarni o‘qish va unga yuklash imkoniyatlari mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh chip

Baholaganlar

115

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing