AQSHda bir oilaning 5 a’zosi uyida otib o‘ldirildi. Gumonlanuvchi ham begona emas
Olam
−
22 Oktabr
14774AQSHning Vashington shtatidagi uylardan birida otishma sodir bo‘ldi. Oqibatda 5 kishi halok bo‘lgan va gumonlanuvchi sifatida o‘smir hibsga olingan. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, AQSH huquq-tartibot idoralari joriy yilning 21 oktyabr kuni ertalab Sietl shahrining janubi-sharqida joylashgan uyda besh kishi otib o‘ldirilgan holda topilgani va bir o‘smir hibsga olinganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, 21 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan ertalab soat 5:00 atrofida otishma haqida 911 raqamiga xabar berilgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya bir o‘smir yigitni darhol hibsga olgan, yana bir jarohatlangan o‘smir Sietldagi shifoxonaga olib ketilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ularning ikkalasi ham ushbu uyda istiqomat qiladi. Politsiyaga ko‘ra, halok bo‘lganlarning ikki nafari kattalar, uch nafari esa yosh o‘smirlar.
“Jasadlar topilgandan so‘ng, bu katta ahamiyatga ega jinoyat joyi ekanligini tushundik”, deydi politsiya vakili.
Politsiyaga ko‘ra, otishma oila a’zolari o‘rtasida sodir bo‘lgan, lekin ularning qay darajada bog‘liq ekani hozircha noma’lum. Gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan o‘smir esa King okrugidagi voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan hibsxona muassasasiga joylashtirilgan. Uning bugun, 22 oktyabr yoki ertaga, 23 oktyabr kuni dastlabki sud majlisida ishtirok etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Shimoliy Karolina shtatida o‘zi bilan 16 yil birga yashagan rafiqasi bilan nikohdan o‘tib, buni nishonlayotgan erkak otib ketilgan edi.
LiveBarchasi