AQSH JCHga chipta olganlarga viza olishda yengillik bermoqchi

Sport

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati chiptalariga ega bo‘lgan sayohatchilar uchun viza tayinlash jarayoni tezlashtirilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, FIFA’ning yangi “PAS” tizimi “uzoq kutish vaqtiga ega bo‘lgan chipta egalari”ga elchixonalar va konsulliklarda birinchi navbatda suhbat qilish imkonini yaratadi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Davlat kotibi Marko Rubioning ta’kidlashicha, Jahon chempionati chiptasi avtomatik tarzda viza bermaydi, ammo ariza topshirgan muxlislar odatda 6–8 hafta ichida suhbat sanasini olishlari mumkin bo‘ladi. Hozirda ayrim davlatlarda AQSH vizasi uchun kutish muddati juda uzoq. AQSH Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Kolumbiyada suhbat tayinlash uchun 11 oy, Mexiko shahrida esa 9,5 oy kutish kerak. Toronto shahrida (Kanada fuqarosi bo‘lmaganlar uchun) kutish muddati 14 oyni tashkil qiladi. Agar bu muddatlar o‘zgarmasa, ayrim muxlislar turnir tugaganidan keyin viza olishlari mumkin.

AQSH Sayohat uyushmasi yangi tartibni olqishlab, uni “xavfsizlikni saqlagan holda jarayonni sezilarli yengillashtiruvchi qadam” deb baholadi. Shu bilan birga, viza taqiqlangan davlatlar chiptalari egalariga ushbu ustuvorlik tatbiq etilishi noma’lumligicha qolmoqda. Joriy yilning iyun oyida Tramp 12 davlat fuqarolarining AQSHga kirishini cheklovchi farmonni imzolagan. Ular orasida Jahon chempionatiga chiqqan Eron ham bor. Farmonga ko‘ra, sportchilar va murabbiylar tarkibiga istisno beriladi, biroq oddiy muxlislar uchun cheklov kuchda qolishi mumkin.

AQSHga sayohat qiluvchi barcha futbol muxlislari viza olishi shart emas. Visa Waiver dasturiga kiruvchi davlatlar fuqarolari odatda 90 kungacha vizasiz kirishi mumkin.

Ma’lumot uchun, turnir 2026 yilning iyun–iyul oylarida AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi. Aksariyat o‘yinlar AQSHda bo‘lishi kutilmoqda. FIFA prezidenti Janni Infantino Oq uyda o‘tkazilgan uchrashuvda AQSHga Jahon chempionati uchun 10 milliongacha mehmon kelishi mumkinligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA futbolchilar, murabbiylar va amaldorlarga qaratilgan onlayn zo‘ravonlikka qarshi choralarni yanada kuchaytirganini va endilikda ijtimoiy tarmoqlar orqali futbolchilar va murabbiylarga nisbatan haqoratli izoh va post qoldirgan insonlar FIFA musobaqalariga chipta xarid qila olmasligini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

viza Donal'd Tramp Jahon chempionati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing