AQSH Zangazur yo‘lagini 100 yilga ijaraga olmoqchi
Olam
−
15 iyul 12624 2 daqiqa
Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bir paytda, Qo‘shma Shtatlar ushbu yo‘nalishni boshqarib berishga tayyor. Bu haqda AQSHning Turkiyadagi elchisi Tom Barrak jurnalistlarga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Zangazur yo‘lagini 100 yilga ijaraga olishga tayyor.
“Ular (Armaniston va Ozarbayjon) atigi 32 kilometr yo‘l ustida tortishishyapti. Bu hazil emas. Bu allaqachon o‘n yildirki davom etmoqda – 32 kilometr yo‘l va mana, AQSH kirib keladi va aytadi: “Yaxshisi, buni bizga beringlar. 32 kilometr yo‘lni 100 yilga bizga ijaraga beringlar va sizlar uni o‘zaro bo‘lishib olasizlar”, deydi elchi.
“Middle East Eye” nashrining yozishicha, ushbu loyiha yuzasidan kafolatlovchi sifatida Amerikaning xususiy kompaniyasi chiqishi mumkin.

Manbaga ko‘ra, tashabbus Turkiyadan chiqqan, AQSH esa bu taklifga rozi bo‘lgan. Biroq Armaniston yo‘lning Naxichevondan o‘tuvchi qismida ham aynan shu kompaniya ishlashini talab qilgan. Ozarbayjon esa buni qabul qilib bo‘lmaydigan aralashuv deb baholagan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘z mamlakatining Zangazur yo‘lagiga qiziqishini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, loyiha strategik va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lib, uning ochilishi butun mintaqa uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Armaniston esa “Tinchlik chorrahasi” deb nomlangan boshqa bir loyihani ilgari surmoqda. “Middle East Eye”ning qayd etishicha, Armaniston rasmiylari “Zangazur yo‘lagi” atamasidan foydalanishdan bosh tortmoqda, chunki bu atama Syunik viloyatining suverenitetiga tajovuz deb baholanmoqda. Baku esa yo‘lak to‘liq Armaniston nazoratiga o‘tmasligi kerakligini ta’kidlamoqda, chunki Yerevan ushbu yo‘lakdan uzluksiz foydalanish kafolatini bera olmaydi, deb hisoblaydi.
Ma’lumot uchun, Zangazur yo‘lagi – bu Armanistonning Syunik viloyati orqali Ozarbayjonning g‘arbiy hududlari va uning eksklavi – Naxichevon Avtonom Respublikasi o‘rtasidagi logistik yo‘nalishni yaratish loyihasi hisoblanadi.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr