AQSH Yaqin Sharqdan qo‘shinlarining bir qismini olib chiqishni boshladi
Olam
−
19 iyun 2021
3561Rasmiy Vashington Amerika kuchlarini Yaqin Sharqdan olib chiqishni boshladi. Bu haqda “The Wall Street Journal” nashri Amerika Prezidenti ma’muriyatidagi manbalariga iqtibos keltirgan holda xabar bermoqda.
Nashr suhbatdoshlarining aniqlik kiritishicha, Pentagon Iroq, Kuvayt, Iordaniya va Saudiya Arabistonidan Patriot raketa tizimlarining sakkizta batareyasini olib chiqib ketmoqda. Shu bilan birga, Saudiya Arabistonidan THAAD raketaga qarshi tizimi olib chiqilmoqda, reaktiv qiruvchilarning otryadlari qisqartirilmoqda. Ta’kidlanishicha, ilgari ushbu tizimlarda xizmat qilgan yuzlab harbiy xizmatchilar AQSHga qaytib kelishadi.
Suhbatdoshlardan biri mintaqadagi harbiy mavjudlikni qayta ko‘rib chiqish AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati asosiy e’tiborni Rossiya va Xitoyning chaqiriqlariga qaratmoqchi bo‘lganligi bilan bog‘liqligini ta’kidlagan. Boshqa manbalarga ko‘ra, Yaqin Sharqdan qo‘shinlarni olib chiqib ketish mintaqadagi an’anaviy mudofaa darajasiga qaytishdan darak beradi.
Shuningdek, hozirda mintaqadan qo‘shinlarni olib chiqishning rasmiy sababi noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, may oyi boshida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvlarga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi.
14 aprel kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi