AQSH Venesuela uchun uch bosqichli reja ishlab chiqdi
Olam
−
08 yanvar 4592 2 daqiqa
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Venesuela bo‘yicha uch bosqichdan iborat reja ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Ushbu reja barqarorlashtirish, tiklash va o‘tish davrini o‘z ichiga oladi. Bu haqda Rubio kecha, 7 yanvar kuni jurnalistlar bilan o‘tgazgan suhbatida ma’lum qildi.
Rubioning aytishicha, AQSH avvalo barqarorlashtirish bosqichidan boshlaydi, chunki vaziyatning tartibsizlik va beqarorlikka tushib ketishini istamaydi.
Davlat kotibi neft bo‘yicha kelishuvni barqarorlashtirish bosqichining bir qismi sifatida baholagan. Uning ta’kidlashicha, AQSH ma’muriyati yaqin vaqt ichida Venesuela neftining millionlab barrelini sotish imkoniyatiga ega bo‘lishni va bu savdodan tushadigan, AQSH nazoratidagi daromadlarni Venesuela xalqiga foyda keltiradigan tarzda taqsimlashni rejalashtirmoqda.
“Biz allaqachon e’lon qilingan ushbu yangi kelishuv doirasida ijobiy siljishlarni ko‘ryapmiz va kelgusida yana yangi kelishuvlar ham bo‘ladi”, degan AQSH Davlat kotibi.
Rubioning qo‘shimcha qilishicha, rejaning ikkinchi bosqichi Venesuela iqtisodiyotini tiklashni nazarda tutadi. Bu bosqichda g‘arbiy va boshqa xorijiy kompaniyalarga mamlakat bozoriga adolatli kirish imkonini berishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, Tramp ma’muriyati Venesuelada milliy yarashuv jarayonini boshlashni xohlamoqda. Bu orqali muxolifat kuchlari amnistiya olishi, qamoqdan ozod etilishi yoki mamlakatga qaytib, fuqarolik jamiyatini qayta tiklashda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Uchinchi bosqich “o‘tish davri” bo‘ladi.
“Oxir-oqibat, o‘z mamlakatini o‘zgartirish venesuelaliklarning qo‘lida qoladi. Men buni senatorlarga batafsil tushuntirdim. Yaqin kunlarda qo‘shimcha tafsilotlar bo‘ladi, ammo biz jarayon ijobiy yo‘nalishda ketayotganiga ishonamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Marko Rubio.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuela AQSH tomonidan mamlakatga hujum uyushtirilgan va Prezident Nikolas Maduro o‘g‘irlab ketilgan paytda halok bo‘lgan harbiylar uchun bir haftalik motam e’lon qilgandi.