AQSH Venesuela Prezidentini o‘g‘irlamoqchi bo‘ldi
Olam
−
29 Oktabr 7205 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro samolyotining bir uchuvchisini yollashga harakat qilgan. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH uchuvchiga Venesuela Prezidenti samolyotini Puerto-Riko, Dominikan Respublikasi yoki Guantanamo (AQSH bazasi)ga qo‘ndirishni taklif qilgan.
Manbalarga ko‘ra, 2024 yilning aprel oyida AQSH hukumati Dominikan Respublikasidagi informator orqali olingan ma’lumotlar asosida Maduro uchuvchilaridan biriga aloqaga chiqqan. Unga samolyotni AQSH kuchlari hibsga ola oladigan joylardan biriga, xususan Puerto-Riko, Dominikan Respublikasi yoki Kuba orolidagi Guantanamo harbiy bazasiga qo‘ndirish taklif qilingan.
Nashrning yozishicha, buning evaziga AQSH vakillari uchuvchiga “juda boy bo‘lishi va millionlab vatandoshlarining sevgisini qozonishi”ni va’da qilgan.
Xabarga ko‘ra, uchuvchi AQSH agenti bilan bir necha bor messenjer orqali yozishgan, biroq so‘nggi marta 2024 yilning sentyabr oyida uni hamkorlikka ko‘ndirishga urinishdan so‘ng, u raqamni bloklagan.
Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi direktori Jeffri Saksning ta’kidlashicha, AQSHning Venesuelaga nisbatan olib borayotgan keskin siyosati narkokartellarga qarshi kurash bilan bog‘liq emas, aslida Vashington Venesuela neftidan foydalanish imkoniga ega bo‘lishni xohlaydi.
Maduro bir necha bor AQSH tomonidan mamlakatga so‘nggi 100 yildagi eng katta bosqin tahdidi mavjudligini bildirgan. Vashington esa Karakasni narkotik kontrabandachiligiga qarshi kurashda sustlikda ayblab keladi.
AQSH dengiz floti hozirda Karib dengizida 8 ta kema, 1 ta atom suvosti kemasi va 10 ming askar joylashtirgan. Ular xalqaro suv hududida kamida 9 ta tez yuruvchi qayiqlarni yo‘q qilgan, ularning bortidagi shaxslar Venesueladan narkotik tashishda ayblangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 50 mln dollar mukofot va’da qilgandi.