AQSH va Yevropa bosh diplomatlari Ukraina bo‘yicha muzokaralarni qoldirdi

Olam

image

AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Ukraina oliy darajadagi diplomatlari bugun, 23 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha oliy darajadagi muzokaralardagi ishtirokini bekor qildi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.

Qayd etilishicha, buning o‘rniga yuqorida nomi tilga olingan besh davlatning “yuqori amaldorlari” Britaniya poytaxtida uchrashadi. Shu bilan birga, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ham Londonda bo‘lib, u yerda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bilan uchrashishi kutilmoqda.

“Axios” portali ham ismi oshkor etilmagan amerikalik mulozimga tayanib, 23 aprel kuni Davlat departamenti rahbari “Londonga bormaslik to‘g‘risida qaror qabul qilgani” haqida xabar bergandi.

“Buning o‘rniga Amerika delegatsiyasi britaniyalik va ukrainalik hamkasblari bilan muzokaralarni davom ettiradi”, deydi nashr manbasi.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning o‘zi X ijtimoiy tarmog‘ida britaniyalik mavqedoshi bilan “samarali” suhbat o‘tkazgani va Londondagi muhokamalardan so‘ng “davom etishni” intiqlik bilan kutayotganini yozgan.

Qayd etish joiz, avvalroq Rubio AQSHning bu boradagi takliflari bo‘yicha yaqin kunlarda hech qanday taraqqiyot kuzatilmasa, Vashington Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralardan uzoqlashishi haqida ogohlantirgan edi.

Kecha, 22 aprel kuni “The New York Times” gazetasi Marko Rubio Ukraina bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi bosqichini o‘tkazib yuborish niyatida ekanini, chunki “Ukraina Prezident Trampning Rossiya bilan kurashni to‘xtatuvchi kelishuv bo‘yicha asosiy takliflaridan birini rad etgani” haqida xabar berdi.

“Axios” internet nashri esa bugun, 23 aprel kuni yozishicha, AQSH Prezidenti Donald Trampning “so‘nggi taklifi” Kiyevning Ukrainaning Qrim yarimorolini Rossiya Federatsiyasining bir qismi sifatida tan olishini, shuningdek, Ukraina sharqidagi harbiy harakatlar boshlanganidan keyin Rossiya egallagan hududlar ustidan Rossiya nazoratini norasmiy ravishda tan olishini nazarda tutadi. 

“Axios” ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika tomoni o‘tgan hafta Parijda Kiyev vakillariga tegishli rejani taqdim etgan. “Financial Times” gazetasining xabar berishicha, reja taqdim etilganidan keyin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mumkin bo‘lgan tinchlik kelishuvining bir qismi sifatida hozirgi front chizig‘ini muzlatishni taklif qilgan.

Biroq kecha, 22 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishini qonuniylashtirish bilan bog‘liq shartlarni rad etdi. Zelenskiy Ukraina Qrimning bosib olinganini qonuniy tan olmasligini, chunki bu Ukraina Konstitutsiyasiga zid ekanini ta’kidladi.

22 aprel kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt jurnalistlar uchun navbatdagi brifingda AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff shu hafta oxirida yana Moskvaga Putin bilan muzokaralar olib borishini ma’lum qildi. Bu uning Rossiya Prezidenti bilan to‘rtinchi uchrashuvi bo‘ladi.

Uitkoff oxirgi marta Rossiyaga 11 aprel kuni tashrif buyurgan edi. O‘shanda u Sankt-Peterburgda Putin bilan uchrashdi. Suhbat to‘rt soatdan ortiq davom etdi, asosiy mavzu Ukrainadagi kelishuv bo‘ldi. Suhbat tafsilotlari ochiqlanmadi.

Boshqa tomondan, Uitkoff va Rubio dastlab qatnashmoqchi bo‘lgan Londondagi Ukraina muzokaralarini o‘tkazib yuboradi. Buning o‘rniga Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Buyuk Britaniya poytaxtida AQSHdan vakillik qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya AQSh Frantsiya Buyuk Britaniya Ukraina Marko Rubio Stiven Uitkoff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing