AQSH va Ukraina tinchlik kelishuvi doirasidagi muzokaralarni tugatdi

Olam

image

Kecha, 23 noyabr kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Ukraina va AQSH delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlandi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, muzokaralar natijasida tomonlar “yangilangan va takomillashtirilgan tinchlikka erishish bo‘yicha asosiy kelishuv” ishlab chiqqan.

AQSH tomonidan muzokaralarda Davlat kotibi Marko Rubio, Prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff, AQSH armiyasi vaziri Deniel Driskoll va Prezident Donald Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etgan.

Ta’kidlanishicha, muzokaralar konstruktiv, maqsadga yo‘naltirilgan va o‘zaro hurmatga asoslangan tarzda o‘tgan. Bu ikki tomonning adolatli va barqaror tinchlikka erishish borasidagi umumiy intilishini ko‘rsatgan. Shuningdek, Vashington va Kiyevning fikricha, kelajakdagi har qanday bitim Ukraina suverenitetini qo‘llab-quvvatlashi va “barqaror hamda adolatli tinchlikni ta’minlashi” lozim.

Oq uyning ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina tomoni uchrashuvda xavfsizlik kafolatlari, uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanish, infratuzilmani himoya qilish, kemalar qatnovi erkinligi va siyosiy suverenitet kabi barcha asosiy masalalar batafsil ko‘rib chiqilganini tasdiqlagan. Kiyev vakillari har bir yo‘nalishda taklif va e’tirozlari inobatga olingani uchun minnatdorlik bildirgan.

Oq uy bayonotiga ko‘ra, Ukraina tomoni muzokaralar davomida berilgan o‘zgarishlar va izohlar asosida hozirgi tinchlik rejasining loyihasi Ukraina milliy manfaatlariga mos kelishini hamda mamlakat xavfsizligini yaqin va uzoq muddatda ta’minlaydigan ishonchli mexanizmlar taklif etilayotganini aytgan.

Ularning ta’kidlashicha, kuchaytirilgan xavfsizlik kafolatlari, hujum qilmaslik bo‘yicha majburiyatlar, energetik barqarorlik va qayta tiklash choralari Ukraina uchun eng muhim strategik talablarni qondiradi.

Ukraina delegatsiyasi AQSH va Trampga mojaroni tartibga solish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirgan. Tomonlar yaqin kunlarda qo‘shma takliflar ustida ishlashni davom ettirishga hamda Yevropa hamkorlari bilan yaqin aloqada bo‘lishga kelishib olgan.

Bayonotda aytilishicha, ushbu jarayon doirasidagi yakuniy qarorlarni Ukraina va AQSH Prezidentlari qabul qiladi. Har ikki tomon Ukrainada xavfsizlik, barqarorlik va tiklanishni ta’minlaydigan tinchlikka erishish uchun hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini tasdiqlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa yetakchilari AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasining kamida to‘rt bandiga o‘zgartirish kiritmoqchi bo‘layotgani haqida xabar berilgandi. Trampning rejasi jami 28 banddan iborat.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Marko Rubio tinchik kelishuvi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing