AQSH va NATO Ukrainaga qurol yetkazib berishning yangi mexanizmini yaratmoqda
Olam
−
02 avgust 2025 3728 2 daqiqa
AQSH va Shimoliy Atlantika alyansi NATOning Yevropadagi a’zolari mablag‘lari hisobidan Ukrainaga harbiy yuk yetkazib berishning yangi mexanizmi ustida ishlamoqda. Bu haqda “Reuters” manbalarga tayanib xabar berdi.
Mexanizmga ko‘ra, Ukraina taxminan 500 million dollarlik paketlar doirasida zarur bo‘lgan qurol turlariga ustuvor ahamiyat beradi. O‘z navbatida, NATO ittifoqchilari bunday qurollarni kim taqdim etishi yoki ular uchun pul to‘lashi haqida o‘zaro qaror qabul qiladi.
Agar alyansning har qanday a’zosi o‘z qurollarini Ukrainaga topshirishga qaror qilsa, yangi mexanizm bu davlatga harbiy ta’minotni tasdiqlash uchun uzoq davom etuvchi jarayonni chetlab o‘tib, Qo‘shma Shtatlardan ularning o‘rinlarini bosuvchi qurollarni sotib olish imkonini beradi.
Yevropa rasmiysining agentlikka aytishicha, NATO ittifoqchilari Ukrainaga umumiy qiymati 10 milliard dollarlik qurol yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Agentlik suhbatdoshi bu qancha davom etishiga aniqlik kiritmagan.
“Yangi mexanizmga ko‘ra, NATO davlatlari Ukrainaga 10 milliard dollarlik qurol yetkazib berishga umid qilmoqda”, degan Yevropa rasmiysi.
Kiyev ularni qachon qabul qilishi aniq emas. Shimoliy Atlantika alyansi davlatlari Ukrainaga ushbu ro‘yxatdagi qurollarni yetkazib beradi, ularni o‘z zaxiralaridan oladi yoki AQSHdan sotib oladi. Bu jarayon NATO Bosh kotibi Mark Ryutte tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Respublika va Demokratik partiyalaridan bo‘lgan senatorlar kelasi ikki yil ichida Ukrainaga 54,6 milliard dollar yordam ajratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Kongressga kiritgandi.
Live
Barchasi