Yevropa Ittifoqi Ukrainaga yordamni cheklamoqda

Olam

image

Joriy yilning 24 iyul kuni Yevropa Ittifoqi vakillari Ukraina hukumatiga moliyaviy yordamni to‘xtatib qo‘yganini ma’lum qildi. Bu haqda Ukraina hukumati va parlamentidagi to‘rtta manbaga tayanib, “Ekonomichna Pravda” gazetasi xabar berdi.

Nashrning yozishicha, bunday qaror YeI tomonidan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ilgari kiritgan, Milliy korrupsiyaga qarshi byuro (NABU) va Maxsus korrupsiyaga qarshi prokuratura (SAP) faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasi bilan bog‘liq. 

Gazetaga ko‘ra, bunga Yevropa Ittifoqi talablarining bajarilmasligi ham sabab bo‘lgan. Parlamentning soliq qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Yaroslav Jeleznyakning ma’lum qilishicha, aprel–iyun oylarida YeI qo‘ygan 11 majburiy shartning atigi 5 tasi bajarilgan.

Gap ERA Loans (muzlatilgan rossiyalik aktivlar garovi ostidagi kredit) dasturi bo‘yicha 17,2 mlrd yevro hamda Ukraine Facility dasturi bo‘yicha yana 12,5 mlrd yevro haqida ketmoqda. Ukraina ushbu mablag‘larni yil oxirigacha olishi kerak edi, ammo taxminan 18 mlrd yevro hisob raqamlariga tushmagan. Manbaning hisoblashicha, 2025–2026 yillarda mamlakat qariyb 60 mlrd dollar xorijiy yordamdan mahrum bo‘lishi mumkin.

Nashrga ko‘ra, yordamning qayta tiklanishi faqat NABU va SAP mustaqilligining qayta ta’minlanishi bilan mumkin. 22 iyul kuni Vladimir Zelenskiy SAP’ni mustaqillikdan mahrum qilib, uni bosh prokurorga bo‘ysundirishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu qaror butun mamlakat bo‘ylab noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ikki kundan so‘ng Prezident parlamentga yangi qonun loyihasini kiritdi. U korrupsiyaga qarshi organlarning vakolatlarini kuchaytirishni nazarda tutadi. Ushbu loyiha 31 iyul kuni Oliy Radada birdaniga ikki o‘qishda ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish o‘rniga, Rossiya va YeI o‘rtasidagi bufer davlatga aylanishni taklif qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing