AQSH va NATO dunyo uchun eng katta xavf – Xitoy
Olam
−
27 iyul 2023
8069Xitoy Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Tan Kefey Amerika Qo‘shma Shtatlari va Shimoliy Atlantika alyansi xavf-xatarni keltirib chiqarishi va dunyoga juda katta beqarorlashtiruvchi ta’sir ko‘rsatishini aytdi. Bu haqda u iyul oyi yakunlari bo‘yicha o‘tkazgan brifingda so‘z ochdi.
“Aynan AQSH va NATO xalqaro tinchlik va xavfsizlik uchun xavf-xatarlar manbai, beqarorlashtiruvchi omil sifatida harakat qilmoqda”, degan Kefey.
Mudofaa vazirligi vakilining aytishicha, Vashingtonning mintaqadagi o‘ta salbiy roli uning AUKUS kabi blok tuzilmalarini rivojlantirishga urinishi, shuningdek, qurol-yarog‘larni nazorat qilish bo‘yicha kelishuvlarga rioya qilmasligi bilan isbotlanishi mumkin. Kefeyning fikricha, xavfsizlikni himoya qilish shiori ostida Vashington doimiy ravishda XXRga tuhmat qilishga urinib, Xitoy tahdidi mavjudligini dunyoga e’lon qilmoqda.
Shuningdek, Xitoy vakili NATO “ishonchli” bahonalar bilan “yirik yadroviy ittifoq”ga aylanishni rejalashtirayotganini ta’kidlagan. Uning bildirishicha, ushbu harbiy-siyosiy blok sayyorada ko‘plab mojarolarni keltirib chiqaradi.
“Biz Shimoliy Atlantika alyansidan Sovuq urush tafakkuridan voz kechishini, yolg‘on hiyla-nayranglarga qo‘l urmaslikni hamda davlat va jamoaviy xavfsizlik strategiyasida yadro qurolining rolini kamaytirish bo‘yicha real choralar ko‘rishini talab qilamiz”, deydi Tan Kefey.
Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi vakili Xitoy mudofaa strategiyasiga ega ekani va hech qachon yadro arsenalidan birinchi bo‘lib foydalanmasligini eslatib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Amerika Qo‘shma Shtatlarining sobiq prezidenti Donald Tramp ma’muriyatida mudofaa vazirining maslahatchisi bo‘lib ishlagan iste’fodagi polkovnik Duglas Makgregor Xitoy Hindiston va Rossiya bilan birgalikda AQSHning moliyaviy hukmronligiga qarshi “isyon ko‘targani”ni aytgandi.
LiveBarchasi