AQSH va Markaziy Osiyo vakillari Afg‘oniston bo‘yicha sessiya o‘tkazdi

Olam

image

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH vakillari ishtirokida Afg‘oniston bo‘yicha C5+1 formatida maxsus sessiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi binosida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbir doirasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va AQSH vakillari gumanitar yordam ko‘rsatish, inson huquqlarini himoya qilish, Afg‘oniston bilan xalqaro hamkorlik, shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha qator masalalar muhokama qilingan. 

Qozog‘iston tomonidan Tashqi ishlar vazirligining maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Talgat Kaliyev sessiya ishtirokchilari e’tiborini Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalasiga qaratgan.

Tadbirda AQSH tomonidan Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Tomas Uest hamda Afg‘onistondagi ayollar huquqi bo‘yicha maxsus vakili Rina Amiri ishtirok etgan. 

Keyinchalik AQSH maxsus vakilini Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Qayrat Umarov qabul qilgan. Ikki tomonlama uchrashuvda AQSH vakillari Qozog‘iston hukumati tomonidan Afg‘oniston xalqiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni olqishlab, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qayd etgan.

Qayrat Umarov Qozog‘iston Afg‘onistonga ko‘mak berish va mamlakatdagi og‘ir gumanitar inqirozdan chiqish yo‘llarini izlash bo‘yicha xalqaro loyihalarga qo‘shilish tarafdori ekanini aytgan. Xususan, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning Olmaota shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, savdo va investitsiyalarni rivojlantirish sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan BMTning Barqaror rivojlanish mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusiga e’tibor qaratilgan.

Ma’lumot uchun, Afg‘oniston bo‘yicha C5+1 formatidagi maxsus sessiyada O‘zbekiston tomonidan Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev qatnashdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH rasmiylari Tomas Uest va Rina Amiri Qozog‘istondagi yig‘ilishdan so‘ng, Qatarga borishi va Dohada “Tolibon” harakati emissarlari bilan uchrashishi aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh Qozog'iston Tolibon Ostona Markaziy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing