AQSH va ittifoqchilari inqiroz chiqargan Belarusga “kuchli” javob bilan tahdid qildi

Olam

image

Estoniya, Fransiya, Irlandiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya va AQSH, shuningdek ularga qo‘shilgan Albaniya Belarus hukumatini qo‘shni davlatlardagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun muhojirlardan sun’iy ravishda foydalanayotganlikda aybladi. Bu haqda BMT Xavfsizlik Kengashidagi yopiq maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha davlatlarning tegishli bayonotiga tayanib xabar berilgan. Bayonotni Estoniyaning doimiy vakili Sven Yurgenson o‘qib eshittirgan.  

Ta’kidlanishicha, mamlakatlar guruhi “Belarusni hayoti va farovonligi tahdid ostida bo‘lgan odamlardan siyosiy maqsadlarda foydalanishda va Yevropa Ittifoqining tashqi chegarasida qo‘shni davlatlarni beqarorlashtirishda aybladi”. 

Bayonot mualliflari Minsk harakatlariga “kuchli” xalqaro munosabat bildirishga chaqirgan. 

Yurgensonga ko‘ra, Minskning taktikasi “Lukashenko rejimi qanday qilib mintaqaviy barqarorlikka tahdid solayotganini ko‘rsatmoqda”. 

“Biz Belarus hukumatini bu g‘ayriinsoniy harakatlarni to‘xtatishga va odamlar hayotiga xavf tug‘dirmaslikka chaqiramiz”, degan u. 

Bayonotni imzolagan davlatlar, shuningdek Minskka migrantlarni YeIga jo‘natishda yordam berayotganlarga qarshi keyingi choralarni muhokama qilishga tayyor ekanliklarini bildirgan. 

“Biz bir bo‘lamiz va Yevropa Ittifoqini Belarus hukumatining ushbu gibrid operatsiyalaridan himoya qilishga qat’iy qaror qilamiz”, deyilgan bayonotda. 

Bayonot mualliflari Minskni barcha muhojirlarni o‘z vatanlariga jo‘natish, shuningdek “ularning munosib himoyasini ta’minlashga” chaqirgan. 

Joriy yilning 8 noyabr kuni Belarus Davlat chegara qo‘mitasi qochqinlarning katta guruhi, asosan, kurdlar Belarusning Polsha bilan chegarasi tomon yo‘l olgani haqida xabar berdi. 2 mingdan ortiq qochqinlar, jumladan ayollar va bolalarning katta qismi chegara chizig‘idagi Polsha to‘siqlari oldida to‘xtab, o‘z-o‘zidan lager qurdi. Polsha xavfsizlik kuchlari ularni o‘tkazib yubormadi, muhojirlar to‘siqlarni yengib o‘tishga harakat qildi. 

So‘nggi paytlarda Litva, Latviya va Polsha Belarus bilan chegarada qo‘lga olingan noqonuniy muhojirlar soni ko‘paygani haqida xabar berib, Minskni migratsiya inqirozi yuzaga keltirishda aybladi. Minsk barcha ayblovlarni rad etdi. 

Vaziyat munosabati bilan Polsha Prezidenti Anjey Duda Belarus bilan chegaradosh hududlarda favqulodda holat joriy qildi, chegarani himoya qilishga armiya va politsiya jalb etildi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant inqiroz Belarus'

Baholaganlar

207

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing