AQSH va Isroilning Erondagi qurbonlari soni 1330 dan oshdi
Olam
−
06 mart 3801 2 daqiqa
AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 1332 kishiga yetdi. Bu haqda bugun, 6 mart kuni Eron Qizil Yarim oy jamiyati xabar berdi.
“Amerika-Isroil urushi boshlanganidan beri 1332 nafar tinch aholi vakili o‘ldirildi”, deb yozadi “Al Jazeera” telekanali jamiyat bayonotiga tayanib.
Bundan tashqari, ko‘ngillilar o‘zlarining Telegram-kanallarida Amerika-Isroil tajovuzi tufayli 3,6 mingga yaqin fuqarolik ob’ektlari, jumladan, 3 mingdan ortiq turarjoy binosi, 520 ga yaqin savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari, 14 ta shifoxona hamda Qizil Yarim oyning to‘qqizta markazi zarar ko‘rganini xabar qilmoqda.
Qizil Yarim Oy jamiyati, shuningdek, Eron shimoli-g‘arbidagi Mahobod shahridagi bo‘limi aviatsiya zarbasiga uchraganini bildirdi. Hujum oqibatlari aks etgan fotosuratlarga ko‘ra, ko‘ngillilar binosi deyarli butunlay vayron bo‘lgan. Bir nafar xodim jarohatlangan.
Bungacha kecha, 5 mart oqshomida “Fars” Eron janubidagi Sheroz shahri chekkasidagi Ziboshehr shaharchasida tez yordam stansiyasi va bolalar maydonchasiga berilgan zarba oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘lgani va 30 kishi jarohatlangani haqida xabar bergan edi. Halok bo‘lganlar orasida tez tibbiy yordam xizmatining ikki nafar xodimi ham bor.
Shuningdek, Eronning SNN telekanali 5 mart kuni AQSH va Isroilning Eron shimoliga qilgan hujumi oqibatida 17 kishi halok bo‘lgani, yana 12 kishi, jumladan bir necha bola jarohatlanganini xabar qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron harbiy qo‘mondonligining “Xatam al-Anbiya” markaziy shtabi Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga hujumi oqibatida kamida 100 nafar AQSH dengiz piyodasi yo‘q qilingani haqida xabar bergan edi.
Live
Barchasi