AQSH va Isroil Erondagi ehtimoliy nishonlarni muhokama qilmoqda
Olam
−
04 Oktabr
3924Qo‘shma Shtatlar hukumati Isroil bilan Eronning yirik raketa hujumiga ehtimoliy javob choralarini muvofiqlashtirmoqda. Bu haqda kecha, 3 oktyabr kuni AQSH Mudofaa vazirligi matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx brifingda ma’lum qildi.
"Ammo menimcha, ehtimoliy nishonlar qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi tafsilotlarni muhokama qilish noo‘rin va unchalik foydali emas", degan Pentagon vakili, Isroil Eron neft ob’ektlarini nishon sifatida ko‘radimi, degan savolga javob berar ekan.
Avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden ham o‘z ma’muriyati Isroilning Eron neft sanoatiga ehtimoliy hujumini “muhokama qilayotganini” aytdi. Siyosatchining izohi neftning jahon narxlarida sakrashga sabab bo‘ldi. Londonning ICE birjasida Brent markali neft narxi sentyabr boshidan beri birinchi marta 5,04 foizga oshdi va bir barrel uchun 77,63 dollargacha ko‘tarildi. Amerika yetakchisi Vashington Isroilning Erondagi yadroviy inshootlarga zarba berishiga qarshi ekanini ta’kidlagan.
Qayd etish joizki, Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgani munosabati bilan, AQSH hukumati tinch aholining sezilarli qurbonlari tufayli mintaqadagi Isroil mudofaa kuchlarining harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tobora ko‘proq tanqid qilinmoqda. Tanqidga javoban AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller 2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda AQSH hukumati SAXALning har bir alohida zarbasini ma’qullamasligini, balki Isroilning “terrorchilik tahdididan o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashi”ni aytdi.
"Biz ko‘rgan hech narsa bizni ular terror tashkilotiga hujum qilishdan boshqa narsa qilyapti degan xulosaga keltirmaydi", dedi Miller.
Isroil hujumlari ortidan Livan fuqarolarining hayotiga xavf tug‘dirayotgani haqida jurnalistlarning savollariga javob bergan Miller, xalqaro insonparvarlik qonunlari tinch aholiga qaratilgan maqsadli hujumlarni taqiqlaganini ta’kidlab, Isroilni bunday qurbonlarni minimallashtirish choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, Eron 1 oktyabr kuni Isroilga yirik raketa hujumi uyushtirgandi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi hujum Isroil tomonidan HAMAS, “Hizbulloh” yetakchilari va Livandagi Eron qo‘mondoni o‘ldirilishiga javob bo‘lganini e’lon qildi. Isroil matbuotiga ko‘ra, Eron Isroilga 200 ga yaqin raketa uchirdi.
LiveBarchasi