AQSH va Isroil Eron bo‘yicha maslahatlashuv o‘tkazadi
Olam
−
21 mart
3147Kelasi hafta boshida yuqori martabali Isroil delegatsiyasi Oq uyga tashrif buyuradi. Ular Eron bo‘yicha strategik maslahatlashuvlar, G‘azo sektoridagi urush hamda Isroil va Livan o‘rtasidagi bahsli chegaraga doir muzokaralarni muhokama qiladi. Bu haqda ikki isroillik va bir amerikalik amaldorga tayanib, “Axios” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu Donald Tramp prezidentlikka kirishganidan beri AQSH-Isroil Strategik maslahatlashuv guruhining (SCG) birinchi uchrashuvi bo‘ladi. Manbalarga ko‘ra, Isroil delegatsiyasiga Strategik masalalar bo‘yicha vazir Ron Dermer hamda milliy xavfsizlik maslahatchisi Tsaxi Xanegbi rahbarlik qiladi. Delegatsiya tarkibida Milliy xavfsizlik kengashi, harbiylar, “Mossad”, Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va Atom energiyasi komissiyasi vakillari ham bo‘ladi. AQSH tomonidan Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Uolts, shuningdek, Davlat departamenti, Pentagon va razvedka idoralari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, SCG ishchi guruhi 2009 yilda Obamaning prezidentligi davrida tuzilgan bo‘lib, AQSH va Isroilning Eron yadro dasturiga nisbatan strategiyasini muvofiqlashtirish, razvedka ma’lumotlarini almashish hamda siyosat va operatsiyalarni muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan. 7 oktyabr voqealaridan keyin SCG faoliyat sohasi kengaytirilib, Bayden prezidentligi davrida G‘azo va Livandagi urushlarni muhokama qilish uchun asosiy maydonga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSHga borgan edi. Netanyaxuni Oq uyda kutib olgan Tramp o‘zi va uning jamoasi G‘azo aholisini joylashtirish imkoniyatlarini Iordaniya, Misr va mintaqadagi boshqa davlatlar bilan qayta muhokama qilayotganini aytgandi. U “odamlarni baxtli yashashlari mumkin bo‘lgan, otib tashlanmaydigan va o‘ldirilmaydigan yaxshi uylarga doimiy ravishda joylashtirish” bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi ekanligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi