AQSH va Buyuk Britaniya Xitoyni kiberhujumda ayblamoqda
Olam
−
26 mart
2481AQSH va Buyuk Britaniya Xitoyning APT31 xakerlar guruhini siyosiy arboblarga qarshi kiberjosuslikda aybladi. Bu haqda Buyuk Britaniya Bosh vaziri o‘rinbosari Oliver Douden parlamentning Jamoatchilik palatasida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, hujumlar oqibatida Saylov komissiyasi va Britaniya parlamenti a’zolarining hisoblari buzib kirilgan. Bosh vazir o‘rinbosari sodir bo‘lgan kiberhujum uchun javobgarlikni Xitoyga aloqador bo‘lgan ikki kompaniyaga yukladi.
Britaniya hukumati bayonotida aytilishicha, GCHQ (Britaniya aloqa shtab-kvartirasi) razvedka agentligi 2021 va 2022 yillar oralig‘ida Buyuk Britaniya saylov komissiyasi tizimi Xitoy xakerlari tomonidan buzib kirilgani ehtimoli yuqori deb baholagan, shuningdek, APT31 Xitoy xakerlik kompaniyasi 2021 yilda Buyuk Britaniya parlamenti va uning a’zolariga nisbatan qarshi razvedka faoliyatini olib borgan.
Buyuk Britaniya Xitoyda yashovchi ikki shaxsga, shuningdek, APT31 bilan aloqador tashkilotga nisbatan sanksiya qo‘ygan. Britaniya rasmiylari yaqin kunlarda Xitoy elchisini chaqirib, mamlakatining xatti-harakatlarini tushuntirishini ham talab qildi.
Bundan tashqari, AQSH kiberhujumdan so‘ng Wuhan Xiaoruizhi fan va texnologiya kompaniyasiga nisbatan sanksiya joriy qilgan. Shu bilan birga, Uxan kompaniyasi bilan aloqasi bo‘lgan ikki Xitoy fuqarosi - Chjao Guangzong va Ni Gaobingning ismlari e’lon qilindi. Ular AQSH departamentning muhim infratuzilma tarmoqlari, jumladan, mudofaa, aerokosmik va energetikaga qaratilgan tranzaksiyalar uchun javobgar ekani aytilmoqda. AQSH Adliya vazirligi qo‘shimcha ravishda Chjao, Ni va yana besh xakerni fitna uyushtirganlikda aybladi. Bildirilishicha, bu odamlar Xitoyda joylashgan APT31 xakerlik guruhining bir qismi bo‘lib, ular Oq uy xodimlari, AQSH senatorlari va Pekinni tanqid qiluvchi hukumat amaldorlariga kiberhujumlar uyushtirgan.
Ma’lumot uchun, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Jian qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, mamlakatlar o‘z da’volarini faktik dalillar bilan asoslashini va ularsiz boshqalarga tuhmat qilmasliklari kerakligini aytgan.
"Kiberhujumning kelib chiqishi murakkab va nozik. Xitoy barcha tomonlar yolg‘on ma’lumot tarqatishni bas qilishiga umid qilmoqda", deydi u.
Rayhona Ulkanbayeva
LiveBarchasi