AQSH O‘zbekistonga koronavirusni aniqlovchi testlar yetkazib berdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 5 iyun kuni, Amerika Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonga COVID-19 ga qarshi qarshi kurashda ko‘rsatayotgan yordamning bir qismi sifatida, koronavirus testi o‘tkazish uchun zarur vositalarni yetkazib berdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ`ga Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligidagi hamkorlarimiz bilan birga ishlab, biz ushbu xavfli virusni aniqlash ishini yaxshilaymiz,  kasallikka chalinganlar sonini kamaytiramiz va O‘zbekistonda odamlar hayotini saqlab qolamiz”, dedi elchi Daniel Rozenblyum.

Bu USAID hadya etayotgan test vositalarining birinchi to‘plamidir. U 15000 ta test o‘tkazishga yetarli QIAGEN RNA reagentlarini jamlagan 60 ta qutidan iborat. 10000 ta test uchun mo‘ljallangan yana 40 ta shunday quti bir necha haftadan so‘ng O‘zbekistonga yetib keladi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi nomidan ushbu yordam uchun Qo‘shma Shtatlarga minnatdorlik bildiramiz. Ushbu reagentlar koronavirusga qarshi kurashimizda asqotadi hamda vatandoshlarimizning sog‘ligi va farovonligini yaxshilaydi”, dedi agentlik direktori Bahodir Yusupaliyev.

USAID O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash uchun 3,9 million dollar bermoqda. Bu yordam laboratoriyalarni keng ko‘lamli testlar o‘tkazishga tayyorlash, sog‘liqni saqlash muassasalarida infeksiya tarqalishining oldini olish va nazorat qilish, COVID-19 ga oid tezkor choralarni takomillashtirish, kasallik yuqtirganlar holatini boshqarish tizimini kuchaytirish, virus to‘g‘risidagi dezinformatsiyaga qarshi kurashish hamda jamoalarni hamjihatlikda ishlashga jalb qilishni o‘z ichiga oladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

45

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing