AQSH O‘zbekistonga qo‘yilgan yana bir taqiqni olib tashladi
Jamiyat
−
27 mart 2019
8815Shu yilning 25 mart kuni AQSH mehnat departamenti bolalar majburiy mehnatidan foydalangan holda tayyorlangan mahsulotlarni AQSH davlat xaridlari uchun taqiqlash bo‘yicha ijro buyrug‘i ro‘yxatidan o‘zbek paxtasini chiqarib tashlash yuzasidan yakuniy qaror qabul qildi.
Bu haqda O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasiga ma’lumotiga tayanib Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta 2010 yilda mazkur ro‘yxatga kiritilgan edi.
Qayd etilishicha, mazkur masala o‘tgan yili iyul oyining oxirida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Muhokamalar davomida AQSH mehnat departamenti «Cotton Campaign» hamda “Mehnatkashlar huquqlari xalqaro forumi” (ILRF) singari xalqaro huquqni himoyalash tashkilotlari fikrlari, shuningdek, O‘zbekistonning Vashingtondagi diplomatik missiyasi tomonidan taqdim etilgan rasmiy izohlarni o‘rgangan.
“Cotton Campaign” koalitsiyasining taqiqni olib tashlash barvaqtligi haqidagi iddaolarini izohlar ekan departament bolalar mehnatidan foydalanish bilan bog‘liq holatlar mamlakatda kamdan-kam kuzatilayotgani, majburiy mehnatga oid holatlarni o‘rganish samaradorligi oshgani hamda huquqbuzarlarning qat’iy javobgarlikka tortilayotganini qayd etgan.
Ushbu taqiqning bekor qilinishi AQSH davlat muassasalariga mazkur mahsulotni uni sertifikatlashtirishdan (ya’ni bolalar va majburiy mehnatdan foydalanmagan ravishda) o‘tkazilganini talab qilmasdan xarid qilish imkonini beradi. Shuningdek, AQSH mehnat departamentining urg‘ulashicha, Amerika xususiy kompaniyalari endilikda o‘z obro‘-e’tiboriga dog‘ tushishidan qo‘rqmasdan o‘zbekistonlik paxta yetishtiruvchilar bilan hamkorlik qilishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning sentyabr oyida AQSH mehnat departamenti O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani “Bolalar mehnatidan foydalangan holda yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxati”dan chiqargan edi.
LiveBarchasi