Falastin yo Isroil? AQSH O‘zbekistonga talab qo‘yadimi?
Jamiyat
−
25 Oktabr 2023
34753AQSH O‘zbekistonga 14 mln$ investitsiya kiritadi. Bu haqda USAID administratori Samanta Pauer 24 oktyabr kuni Samarqand shahrida AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari o‘rtasida “S5+1" formatidagi konferensiyada e’lon qildi. Konferensiya kun tartibidagi asosiy masala – O‘zbekistonga ajratilgan 14 mln dollar bo‘ldi. Ushbu mablag‘dan ko‘zlangan maqsad esa mamlakatdagi xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yashil iqtisodiyotga o‘tish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarni bartaraf etishdan iborat.
Xususan, 3,2 million dollar mamlakatdagi sil kasali bilan og‘riganlar uchun, 4 mln dollar O‘zbekistonda yuz berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar uchun, 3,5 million dollar asosan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va kichik biznes egalarini qo‘llab-quvvatlash uchun bo‘lsa, qolgan mablag‘ mahalliy boshqaruvni takomillashtirish va ta’limga oid muammolarni bartaraf etishga sarflanishi kerak.
Markaziy Osiyo davlatlari vazirlari hamda AQSH vakili ishtirok etgan va yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan muhokamalarga esa jurnalistlarning kirishiga ruxsat berilmadi.
“Biz birga harakat qilsakkina kuchlimiz va shundagina dunyo xavfsizroq bo‘ladi”, deydi Baydenning nutqidan iqtibos keltirib Samanta Pauer.
Shunga qaramay, atigi 30 daqiqa davom etgan press-konferensiyagina jurnalistlar uchun ochiq bo‘ldi, xolos.
Biz esa bugungi kun siyosiy sahnasida yuz berayotgan voqeliklarni chetda qoldirmagan holda, ayni damdagi Isroil-Falastin mojarosida hali o‘z pozitsiyasini ochiqlamagan Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan AQSH tomonning munosabatiga qiziqdik.
“Isroil bu kabi yirik hujumga uchragan har qanday mamlakat singari o‘zini himoya qilish huquqiga ega. Bunday vayronagarchilik paytida nafaqat bu uning huquqi, balki majburiyati hamdir. Lekin Prezident aytganidek, bu kurash qanday davom etishiga bog‘liq. Bu urush tovonini Falastin xalqi to‘lamasligi kerak. HAMAS terrorchilari oqibatida ular ham Isroil fuqarolaridan kam jabr ko‘rayotganlari yo‘q. Ko‘p hollarda ularning o‘zlari HAMAS shafqatsizligining ochiq qurbonlariga aylanishmoqda.
Bu boradagi AQSH pozitsiyasiga keladigan bo‘lsak, mamlakat ushbu muammoni yechish maqsadida bir necha o‘n yilliklardan buyon harakat qilib kelmoqda. Shunday qilib, bu mintaqadagi barcha odamlarda bizning boshqa mamlakatlarga bo‘lgan munosabatimizga nisbatan hech qanday ishonchsizlik bo‘lishi mumkinmas. Sizning Rossiya va Ukraina haqidagi birinchi misolingizga to‘xtaladigan bo‘lsam, Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan o‘z qo‘shnisiga bostirib kirdi. Ukraina shaharlarini vayron qildi, minglab ukrainalik bolalarni ota-onalaridan tortib olishdi.
Rossiya bosqinchilari qo‘liga tushgan tinch aholiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va tizimli qiynoqlar bilan munosabatda bo‘ldi. Bularning bari hech birimizni hayratda qoldirmaydigan haqiqat. G‘arb davlatlari esa ushbu zo‘ravonlikka nisbatan ogoh bo‘lishga chaqirdi, xolos. Rossiya xalqaro inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzdi va biz shu sababdan mamlakatlarni ochiq yoki maxfiy ravishda Rossiya tomoniga o‘tmaslikka, uning qoidabuzarligini qo‘llab quvvatlamaslikka va vaziyat yuzasidan o‘z tashvishini bildirib o‘tishga undadik. Har bir suveren davlat o‘z qadriyatlari, geosiyosiy joylashuvi va shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qiladi. Shubhasiz, vaziyatga nisbatan qanday baho berish hamda bunda o‘z muvozanatini saqlab turish uchun o‘zlari qaror qiladi. Ammo AQSH bu boradi ikkilanmaydi. Biz aynan qaysidir tomonni tanlashni talab qilmaymiz. Xuddi Rossiya bilan bo‘lgan vaziyat kabi, bunda ham faqatgina hukumatlarni bir mamlakatning hududiy yaxlitligini saqlab qolishni va xalqaro huquq normalarini himoya qilishni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz”, deya javob berdi Samanta Pauer.
LiveBarchasi