AQSH O‘zbekistonda missionerlikni qo‘llamoqchi...mi? “Qora ro‘yxat”da qolishimizning boisi ne?
Jamiyat
−
30 dekabr 2019
98272019 yil yakunlari bo‘yicha AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonni diniy e’tiqod erkinligi buzilishi sababli xavotirli davlatlar qatorida qoldirishga qaror qilgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi AQSH davlat departamentining ushbu qarori yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Unda shunday deyiladi:
“Yaqinda OAV va internet nashrlarida O‘zbekiston AQSH Davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston Maxsus nazorat ro‘yxati (Special Watch List)ga kiritildi, mazmunidagi xabar ko‘pchilikda tushunmovchilik keltirib chiqardi.
Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, “O‘zbekiston yana qandaydir qora ro‘yxatga kiritilibdi”, degan tasavvur uyg‘onishiga sabab bo‘ldi.
Xo‘sh, aslida, vaziyat qanday, keling, dastlab shunga oydinlik kiritsak.
Yodingizda bo‘lsa, 2018 yilning 11 dekabr kuni AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo o‘z qarori bilan O‘zbekiston din erkinligini ta’minlash yo‘lida salmoqli natijalarga erishganini e’tirof etib, mamlakatimizni “Alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar” (Countries of Particular Concern) ro‘yxatidan chiqargan edi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2006 yildan beri ushbu ro‘yxatda qolayotgan edi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan yangilanayotgan O‘zbekistonda olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi sifatida mamlakatimiz 12 yil deganda ushbu ro‘yxatdan chiqarilib, “Maxsus nazorat ro‘yxati (Special Watch List)”ga kiritildi.
E’tibor bering, AQSH davlat departamenti bu yilgi hisobotida O‘zbekistonni “Alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar” ro‘yxatida emas, balki maxsus nazorat ro‘yxatida qoldirilganini e’lon qilib o‘tdi.
Ushbu ro‘yxatni shakllantirish, qaysidir davlatni kiritish yoki chiqarish AQSH davlat departamentining vakolatiga kiradi. Shunday ekan, O‘zbekiston mazkur ro‘yxatdan qachon chiqarilishi bizga aniq emas.
Muhimi, so‘nggi uch yil ichida muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda turli sohalarda bo‘lgani kabi diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham katta o‘zgarish va islohotlar amalga oshirildi. Jumladan,
• so‘nggi yillarda jinoyat sodir etgan shaxslarni avf etish bo‘yicha 8 ta farmon qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopildi;
• joriy yilda “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik tadbirlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ana shu tadbirlar doirasida Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar maydonidan, Afg‘onistondan 261 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar yurtimizga qaytarib olib kelindi. Ularga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta’lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratildi, boshpana va ish bilan ta’minlash choralari ko‘rildi.
• bir paytlar ekstremistik guruhlarga aloqasi bor, deb nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqaro “maxsus hisoblar”dan chiqarildi va bu “qora ro‘yxatlar” yuritilishiga chek qo‘yildi.;
• birgina 2019 yilni o‘zida 10 ta masjid hamda 8 ta cherkov ochildi;
• “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga asosan Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengashning yangilangan tarkibi tasdiqlandi. Kengash a’zolari – mamlakatimizda faoliyat yuritadigan barcha diniy konfessiyalar vakillaridan iborat. Kengash tomonidan muntazam ravishda yig‘ilishlar o‘tkazib kelinmoqda.
• umra safariga bo‘lgan cheklov(kvota) olib tashlandi. Har kuni qariyb 500 ga yaqin yurtdoshimiz Umra ziyoratiga jo‘natilmoqda;
• islom ilmlarini keng va chuqur, xalqaro talablarga javob beradigan tarzda o‘rgatishga ixtisoslashgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi;
• Buxoro viloyatida “Mir Arab” Oliy madrasasi, ”Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi o‘z faoliyatini boshladi. Natijada Toshkent islom instituti bilan birga oliy diniy ta’lim muassasalari soni 3 taga yetdi.
• mamlakatimiz musulmonlari o‘z moliyaviy ibodatlarini amalga oshirishlari uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari tashkil etildi.
Shu o‘rinda, Davlatimiz Rahbari tomonidan belgilab berilgan, kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar hech qachon to‘xtab qolmasligini, aniq dastur asosida bundan keyin ham jadal davom etishini aytib o‘tmoqchimiz”.
Ma’lumot o‘rnida, Davlat departamenti hujjatida AQSH Rossiya, O‘zbekiston va Komor orollarini Special Watch List (Maxsus kuzatiluvchi ro‘yxat) da qoldirdi. Bu ro‘yxatga diniy erkinlikni jiddiy tarzda buzuvchi yoki buzilishiga ko‘z yumadigan davlatlar kiritiladi.
Bu ro‘yxatga Kuba, Nikaragua, Nigeriya va Sudan ham qo‘shilgan.
Myanma, Xitoy, Eritreya, Eron, KXDR, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Tojikiston va Turkmaniston o‘tgan yildagidek, diniy erkinlik masalasida qattiq xavotirga sabab bo‘luvchi davlatlar ro‘yxatida qoldirilgan.
Tahririyat: Bir narsani yoddan chiqarmaslik kerak: AQSH diniy erkinlik masalasiga baho berayotganda, mamlakatda missionerlik harakatlariga ruxsat berish va tashqaridan mamlakat xalqtning fundamental an’analari, qadriyatlari va diniy e’tiqodiga yot bo‘lgan harakatlarning kirib kelishiga ruxsat berilishini ham yuqori baholaydi va hujjatda bularni alohida inobatga oladi. Shu sababdan O‘zbekistonning bu ro‘yxatda qoldirilishi faqatgina AQSH nuqtai nazari ekanini hisobga olish lozim.
O‘zbekistonda vijdon erkinligi mamlakat Konstitutsiyasi va Qonunlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan.
LiveBarchasi