AQSH O‘zbekistonga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligi aytildi
Jamiyat
−
13 dekabr 2022
8241AQSH O‘zbekistonga har tomonlama, jumladan energetika sohasini modernizatsiya qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etishga yordam ko‘rsatishga tayyor. Bu haqda ayni vaqtda Vashingtonda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan uchrashuvda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) boshqaruvchisi Samanta Pauer va USAID boshqaruvchisi o‘rinbosari Izabel Koulman ma’lum qildi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligininng ma’lum qilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va USAID o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, ustuvor dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.
Suhbat chog‘ida USAID rahbari 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini ta’kidlagan. Bu borada USAID o‘z sa’y-harakatlarini AQSH xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bilan yaqindan muvofiqlashtirishi ma’lum qilingan.
“USAID rahbari O‘zbekiston hukumatining davlat boshqaruvi ochiqligi va so‘z erkinligini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida olib borayotgan amaliy qadamlarini olqishladi. Mazkur yo‘nalishdagi islohotlar siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning muhim masalalari bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonlarida jamiyat manfaatlarini keng hisobga olishga yordam berishi ta’kidlandi”, deyiladi TIV xabarida.
O‘z navbatida, USAID rahbari o‘rinbosari Izabel Koulman Agentlik moliyaviy-texnik ko‘mak loyihalarini, birinchi navbatda, O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda amalga oshirishda davom etishini qayd etgan.
USAID rahbariyati energetika sohasini modernizatsiya qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish, suv xo‘jaligini rivojlantirish, ta’lim tizimini takomillashtirish, yoshlarni kasbga tayyorlash va malakasini oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.
O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash maqsadida USAID imkoniyatlarini kasb-hunar va texnik ta’lim tizimiga jalb etish muhimligi alohida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 noyabr kuni Vladimir Norov AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashgan edi.
LiveBarchasi