O‘zbekiston AQSHga yangi elchi tayinlashi kutilmoqda
Jamiyat
−
01 mart 2023
8655O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Furqat Sidiqov O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, elchilikka nomzod Oliy Majlis Senatiga kiritilgan. Ertaga, 2 mart kuni Senatning 37-yalpi majlisida nomzod senatorlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bizgi oid ma’lumotlarga ko‘ra, nomzod allaqachon Senat qo‘mitalari tomonidan tasdiqlangan.
“Amerika ovozi” jurnalisti Navbahor Imomovaning Facebook sahifasida ishora qilishicha, Sidiqov O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi o‘laroq tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, 2017 yilning 10 oktyabridan buyon O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi lavozimida Javlon Vahobov faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Ma’lumot uchun, Furqat Sidiqov 1971 yil 7 fevral kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1993 yil Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan.
U 1993-1995 yillarda “UzDaewoo Electronics” qo‘shma korxonasi katta mutaxassisi, 1995-1996 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti xodimi, 1996-2002 yillarda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi, 2002-2007 yillarda O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi attashesi, 2007-2011 yillarda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi, 2011-2015 yillarda AQSHdagi elchixonasi birinchi kotibi, 2015-2020 yillarda O‘zbekistonning Pokiston Islom Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi, 2020-2022 yillarda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
2022 yilning 14 noyabridan Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. U rus va ingliz tillarini biladi. Oilali, to‘rt nafar farzandi bor.
LiveBarchasi