O‘zbekiston AQSH bilan yana bir yo‘nalishda bitim imzoladi
Madaniyat-san’at
−
08 noyabr 2023
7918Kecha, 7 noyabr kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida O‘zbekiston va AQSH hukumatlari o‘rtasida “O‘zbekistonning arxeologik va etnologik materiallari toifalarida import cheklovlarini joriy etish to‘g‘risidagi Bitim”ning imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ikki tomonlama bitimni Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdikarimov va AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik imzoladi.
“Ushbu kelishuv O‘zbekiston Respublikasi va AQSH o‘rtasida muzey ashyolari va madaniy boyliklarning noqonuniy aylanishining oldini olish va qaytarish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi”, dedi Agentlik direktori o‘z nutqida.
Bitim “Arxeologik va etnologik materiallarni talon-taroj qilishni oldini olish va maxsus ro‘yxatga kiritilgan ob’ektlarni olib kirishga cheklovlar”ni belgilaydi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirishni ta’minlaydi hamda ikki mamlakat o‘rtasida moddiy madaniy merosni targ‘ib qilishga qaratilgan qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazishga zamin yaratadi.
“Bugun tarixiy kun, chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoda AQSH bilan madaniy boyliklar to‘g‘risidagi bitimni imzolagan birinchi davlat bo‘ldi. O‘zbekistondan tashqari, dunyoning yana 25 ta mamlakati AQSH bilan shu kabi shartnomalar tuzgan. Madaniy meros, san’at va san’at asarlarini muhofaza qilish oson ish emas. Shuning uchun ham ushbu kelishuv bugungi kunda juda muhim qadamdir. O‘zbekistondagi madaniy meros ob’ektlarini himoya qilish va qayta tiklash uchun AQSH hukumati 1 millon dollarni ajratdi. Biz O‘zbekistondagi madaniy merosni himoya qilish va uning boy tarixini dunyoga namoyish etish borasidagi sa’y-harakatlaringizga hamkorlik qilish istagidamiz”, deydi Jonatan Henik.
LiveBarchasi