AQSH O‘zbekistonda diniy erkinlikka doir qonunchilik xalqaro standartlarga moslashtirilishidan umidvor
Jamiyat
−
16 noyabr 2022
3951Ruslanbek Davletov Prezident maslahatchisi lavozimiga tayinlanishidan avval O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov bilan birga AQSHda bo‘lib, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari vakillari, jumladan, Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSH komissiyasi rahbariyati, shuningdek, Institut Global Engagement va Xelsinki Komissiyasi ekspertlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSH komissiyasining doimiy a’zolari Erik Uhland, Stiven Chnak va Frenk Vulf hamda Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSH komissiyasining boshqa vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda diniy erkinlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilingan.
Xususan, diniy erkinlikni ta’minlash sohasidagi islohotlar va diniy tashkilotlarga oid qonunchilikni liberallashtirish Amerika tomoni bilan atroflicha muhokama qilingan. O‘zbekistonda diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasida huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalari alohida ta’kidlangan.
Komissiya a’zolari O‘zbekistonda diniy erkinlikni ta’minlash sohasidagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha salmoqli sa’y-harakatlar amalga oshirilganini e’tirof etgan. Ular bu boradagi islohotlarni davom ettirish, qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish borasidagi sa’y-harakatlarga umid bildirgan.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar diniy erkinliklarni himoya qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash uchun doimiy ishchi muloqotni davom ettirishga kelishib olgan.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSH komissiyasi 1998 yildagi Diniy erkinlik to‘g‘risidagi xalqaro qonunga muvofiq ikki partiyaviy asosda tuzilgan AQSH hukumati uchun mustaqil maslahat organidir. Komissiya dunyoda din yoki e’tiqod erkinligi huquqiga rioya etilishini nazorat qiladi va bu sohada tegishli siyosiy tavsiyalarni Prezident, Davlat kotibi va AQSH Kongressiga taqdim etadi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasining Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha AQSH komissiyasi (Xelsinki komissiyasi) vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilingan.
Xelsinki Komissiyasi 1975 yilda Kongress tomonidan tuzilgan AQSHning mustaqil agentligidir. Xelsinki Yakuniy Aktiga va YeXHT doirasidagi mamlakatlar tomonidan qabul qilingan boshqa majburiyatlarga rioya etilishini nazorat qilish va rag‘batlantirish. Komissiya Vakillar palatasining 9 a’zosi va AQSH Senatining 9 a’zosidan, shuningdek, Davlat departamenti, Pentagon va Savdo vazirligidan bittadan a’zodan iborat. Hozirda tuzilmani kongressmen Sebastyan Koyen va senator Ben Kardin boshqarmoqda.
Uchrashuvda Xelsinki komissiyasining yetakchi mutaxassisi Uilyam Konnor, siyosat bo‘yicha maslahatchisi Jordan Uorlik, Komissiyaning YeXHTdagi AQSH missiyasidagi vakili Chennon Simrel, siyosiy masalalar bo‘yicha katta maslahatchisi Baxtiyor Nishonov ishtirok etgan. Amerika tomoni O‘zbekiston so‘nggi yillarda erishilgan salmoqli yutuqlar va hayotning barcha jabhalarida ijobiy natijalarga erishayotganini alohida ta’kidlagan.
Bundan tashqari, ekspertlar O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishdagi rolini yuqori baholagan. Ular 2021 yil avgust oyida Afg‘onistondan chet el fuqarolarini evakuatsiya qilishda Toshkent tomonidan ko‘rsatilgan yordamni mamnuniyat bilan qayd etgan.
Faxriy prezident Kris Sipl va Global jalb qilish instituti vitse-prezidenti Jeyms Chen bilan uchrashuvda diniy plyuralizm va konfessiyalararo totuvlikni rivojlantirish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
Suhbat chog‘ida Institut Global Engagement vakillari amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, diniy erkinliklarni himoya qilish va targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot olish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining AQSHga tashrifini tashkil etish tashabbusini yuqori baholagan.
LiveBarchasi