AQSH – O‘zbekiston tabiiy boyliklari makonidagi yangi o‘yinchi (video)
Jamiyat
−
17 Sentabr
11856Kecha, 16 sentyabr kuni AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik hamda O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasriddinxo‘jayev ikki davlat o‘rtasida foydali qazilmalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda hujjatni imzolash marosimidan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.
“Jahon iqtisodiyoti juda-juda tez rivojlanmoqda. Eng tez rivojlanayotgan sohalardan biri bu yashil iqtisodiyotdir. Ularga elektron transport vositalari, quyosh energiyasi, shamol energiyasini rivojlantirish kiradi. Bularning barchasi yangi texnologiyalarni va juda katta miqdordagi muhim minerallarni talab qiladi. Qo‘shma Shtatlar va butun dunyo bo‘ylab hamkorlarimiz bu muhim minerallarni samarali qazib olish, ulardan foyda ko‘rish va rivojlanayotgan sanoatlarni qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli ta’minot zanjirlarini yaratish uchun potensial yirik yetkazib beruvchilar bo‘lgan mamlakatlar bilan hamkorlik qilish juda muhim ekanligini tushunadi. Biz Qo‘shma Shtatlar ushbu muhim sanoatda eng yaxshi texnologiyalarga ega ekanligiga ishonamiz. Shuning uchun Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishi tabiiy edi, chunki O‘zbekiston ko‘plab minerallarning dunyodagi eng yirik zaxiralariga ega. Bu bizga hukumatdan hukumatga, shuningdek, sanoatdan sanoatga hamkorlik qilish imkonini beradigan siyosiy asosni yaratishga yordam beradi. Shunday qilib, biz bu kelajakda yanada chuqurroq hamkorlikning boshlanishi bo‘lishiga umid qilamiz”, dedi elchi Henik OAV vakillari bilan suhbatda.
Shuningdek, elchi sanoatda qiyinchiliklar bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmadi. Qazib olish haqida gap ketganda, ko‘plab qidiruv ishlarini bajarish, zaxiralarni isbotlash, qazib olish uchun esa katta investitsiyalar talab qilinadi. Ba’zan bu ekologik jihatdan ham qiyin.
“Bu to‘siq va qiyinchiliklarning barchasi, menimcha, oldinda. Ammo, o‘ylaymanki, Amerika va O‘zbekistondagi kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlik natijasida bu qiyinchiliklarni yengish uchun juda yaxshi imkoniyat bo‘ladi”, dedi Henik.
Uning aytishicha, Amerika kompaniyalari O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq mamlakatda faoliyat yuritib kelmoqda. Ammo ushbu muhim va kamyob yer minerallarini aniqlash borasidagi hamkorlik so‘nggi bir necha yil ichida paydo bo‘lgan.
“Biz ushbu memorandum ustida taxminan bir yildan beri ishlayapmiz. O‘zbekiston AQSH, Yevropa Ittifoqi va G7’ga a’zo boshqa davlatlar boshchiligidagi minerallar xavfsizligi bo‘yicha muhim hamkorlikka taklif etildi va unga qo‘shildi. Shunday qilib, bu davom etayotgan sa’y-harakatlarning yana bir muhim bosqichi hisoblanadi”, dedi elchi.
Qayd etish joizki, foydali qazilmalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi O‘zbekiston hukumatining 2024 yil 24-26 sentyabr kunlari AQSHning Nevada shtati Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tadigan tog‘-kon sanoatidagi eng yirik global tadbir – “MINExpo INTERNATIONAL” ko‘rgazmasida ishtirok etishi arafasida bo‘lib o‘tdi.
2023 yil sentyabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan C5+1 sammitida AQSH Prezidenti Jo Bayden, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari foydali qazilmalar bo‘yicha muloqotni boshlash niyatida ekanliklarini e’lon qilgandi. Ushbu memorandum Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekistonning o‘sha sa’y-harakatlarni ilgari surish, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoning noyob ekotizimlarini himoya qilish bilan birga toza energiyaga o‘tish jarayonini olg‘a suruvchi investitsiyalarni jadallashtirish niyatida ekanidan dalolat beradi.
Minerallar va noyob yer elementlari toza energiya va boshqa texnologiyalar uchun zarur bo‘lib, iqtisodiyotda tobora muhim rol o‘ynamoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatiga xususiy sektor sarmoyasini jalb qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Ushbu memorandum kelgusida global konchilik sohasida yuqori ekologik, mehnat va boshqaruv standartlarini ta’minlashga qaratilgan umumiy maqsadni o‘zida aks ettiradi.
“AQSH va O‘zbekiston kelajakda energetika sohasini shakllantiradigan mustahkam va xavfsiz ta’minot zanjirlariga ega bo‘lish uchun hamkorlik qilishi lozim. Ushbu memorandum global mineral ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish va ikki tomonlama savdo aloqalarimizni kengaytirish bo‘yicha umumiy majburiyatimizni namoyish etadi. Biz O‘zbekiston bilan kengayib borayotgan strategik hamkorlikning navbatdagi bosqichini nishonlashdan mamnunmiz”, dedi elchi Jonatan Henik.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr