AQSH Ukrainaning qishloq xo‘jaligi uchun 250 million dollar ajratdi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukraina qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 250 million dollar ajratdi. Qaror qishloq xo‘jaligi barqarorligi tashabbusi - Ukraina (AGRI-Ukraine) doirasida qabul qilindi. Bu orqali AQSH hukumatining dasturga kiritgan jami sarmoyasi 350 million dollarga yetdi. Bu haqda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) xabar berdi. 

USAID’ning bayonoti Rossiya don yo‘lagi kelishuvini to‘xtatilishi fonida yangragan.

“Qo‘shimcha 250 million dollar bilan USAID irrigatsiya, g‘alla elevatorlari, yuk tashish inshootlari, port va chegara kabi muhim qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini kengaytirishga yordam bermoqda. Shuningdek, USAID kichik va o‘rta qishloq xo‘jaligi korxonalariga 2023 yilga mo‘ljallangan ekish va yig‘im-terim rejalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan moliyalashtirish va qishloq xo‘jaligi resurslaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash bo‘yicha ko‘magini kengaytiradi”, deyiladi agentlik bayonotida.

Ma’lumot uchun, AGRI-Ukraine loyihasi don kelishuvi bilan deyarli bir vaqtda, ya’ni 2022 yilning iyul oyida ishga tushirilgan. Qo‘shma Shtatlar mazkur loyiha doirasida Ukrainaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportini ko‘paytirishni maqsad qilgan. AGRI-Ukraine'ning birinchi yilida USAID 100 million dollar hissa qo‘shgan bo‘lsa, donorlar, xususiy sektor va fondlar tomonidan mazkur loyiha uchun qo‘shimcha 250 million dollar mablag‘ ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya tomoni 18 iyuldan boshlab don yo‘lagi kelishuvi to‘xtatilishini ma’lum qilgandi. Bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Moskvaning bu qarorini qoraladi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga don yo‘lagi kelishuvini yoki unga o‘xshash loyihani uch tomonlama shaklda davom ettirish taklifi bilan rasmiy maktub yubordi. Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida dunyoning barcha mamlakatlariga murojaat qilib, Rossiya Federatsiyasini “don kelishuvi”ga qaytishga majburlash va ochlik o‘yinlarini to‘xtatishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina qishloq xo'jaligi don yo'lagi kelishuvi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing