AQSH Ukrainaga va’da qilingan 20 mingta raketani Yaqin Sharqqa jo‘natdi – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH tomonidan Ukrainaga va’da qilingan 20 mingta raketa Yaqin Sharqqa yo‘naltirganini ma’lum qildi. Bu haqda u ABC News telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
 
Zelenskiyning aytishicha, Ukraina tomoni o‘z vaqtida AQSHning sobiq mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan alohida loyiha bo‘yicha kelishgan. Ushbu loyiha AQSHning avvalgi ma’muriyati davrida – sobiq prezident Jo Bayden raisligida boshlangan bo‘lgan.

“Biz bu loyihaga umid qilgan edik – “Shahed”larga qarshi kurash uchun 20 mingta raketa. Bu qimmat emasdi, lekin bu maxsus texnologiya. Shu sababli biz aynan shu 20 ming raketaga tayanayotgan edik. Bugun ertalab Mudofaa vazirim menga AQSH ularni Yaqin Sharqqa yuborganini aytdi”, deydi Ukraina Prezidenti.

“The Wall Street Journal” nashriga ko‘ra, joriy yilning 5 iyun kuni AQSH Ukrainaga topshirilishi kerak bo‘lgan maxsus portlovchi raketa moslamalarini Yaqin Sharqdagi AQSH Havo kuchlariga bergan. Bu qaror Mudofaa vaziri Pit Hegset tomonidan imi-jimida qabul qilingan va Kongressga bildirilgan. Senatning qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasiga yuborilgan xabarnomada aytilishicha, portlovchi moslamalar bo‘yicha ehtiyoj “Mudofaa vaziri tomonidan aniqlangan dolzarb muammo” bo‘lgan. Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi Kongress a’zolari xavotir bildirgan, chunki Pentagon bu qarorning Ukraina mudofaasi uchun oqibatlari haqida tushuntirish bermagan va AQSH havo kuchlarining ehtiyoji haqiqatan ham shunchalik dolzarbmi, degan savollar ochiq qolgan.

Bu portlovchi moslamalar “yer-havo” turkumidagi, lazerli nishonga yo‘naltiriladigan Advanced Precision Kill Weapon raketalari uchun mo‘ljallangan. Ular asosan dronlarni yo‘q qilish uchun qo‘llanadi. Raketaning eng muhim qismlaridan biri – kontaktsiz portlovchi moslama bo‘lib, u raketa dronga yaqinlashganida portlovchi moddani faollashtiradi.

“AQSH Havo kuchlari bu raketalarni F-15E qiruvchi samolyotidan uchirish uchun moslashtirgan. Ular husiylar yoki Eron dronlarini urib tushirish uchun ishlatiladi. Bu zarba tizimi “havo-havo” toifasidagi Sidewinder va AMRAAM raketalariga qaraganda arzonroq. Pentagonning bu qarori AQSH zaxiralaridagi tanqislikni ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yil dekabr oyida AQSH Ukrainaga yarim milliard dollarlik yordam paketi ajratgani ma’lum bo‘lgandi. Unda HIMARS reaktiv o‘t ochish tizimlari uchun o‘q-dorilar, dron hujumlariga qarshi o‘q-dorilar, raketalar, minalardan tozalovchi texnikalar, shuningdek, biologik, kimyoviy, radiologik va yadroviy himoya vositalari bor edi. AQSH Davlat departamenti bu yordam paketini “Rossiyaning davom etayotgan hujumlaridan himoyalanish uchun nihoyatda zarur” deb atagandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina raketa Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing