AQSH Ukrainaga razvedka ma’lumotlarini yetkazishda davom etmoqda – CNN
Olam
−
08 mart 3501 2 daqiqa
Qo‘shma Shtatlar hali ham Kiyevga Ukrainani himoya qilishga yordam beruvchi razvedka ma’lumotlarini yetkazib bermoqda, biroq Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya harbiylariga zarba berish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar hajmi qisqartirilgan. Bu haqda amerikalik harbiy amaldorlarga tayanib, CNN xabar berdi.
Telekanal manbalariga ko‘ra, Vashington o‘zini Rossiya pozitsiyalariga qilingan hujumlarda bevosita ishtirok etayotgan tomon sifatida ko‘rsatilishidan qochishga intilmoqda. Aynan shu sababli qurol yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilgan. Shunga qaramay, AQSH rasmiylari Ukrainaga mudofaa maqsadida yordam bera oladigan ma’lumotlarni yashirmayotganini ta’kidlamoqda. Amaldorlar, shuningdek, jang maydonida aloqa ta’minotida muhim rol o‘ynayotgan Ilon Maskning Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqasi Ukraina harbiylari uchun ochiq qolayotganini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, bunga qadar AQSH Prezidenti Donald Tramp administratsiyasi Kiyev bilan razvedka ma’lumotlari almashinuvini qisman cheklash to‘g‘risida qaror chiqargan edi. Bu qadam Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarni rag‘batlantirishga qaratilgani aytilgan. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts va Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) direktori Jon Retkliff ushbu cheklov vaqtinchalik bo‘lishi va Tramp Kiyevni tinchlik muzokaralarini jiddiy boshlash yo‘lida harakat qilayotgan deb hisoblasa, qaror qayta ko‘rib chiqilishini bildirgan edi.
Bu orada, kecha, 7 mart kuni Donald Tramp agar Rossiya Ukrainaga hujumlarini davom ettirsa, unga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishi mumkinligini ma’lum qildi. “Axios” nashrining yozishicha, Oq uyning yuqori martabali amaldori Vashingtonning tinchlik tashabbuslari chog‘ida Moskaning harakatlari Trampni tobora ko‘proq bezovta qilayotganini ta’kidlagan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr