AQSH Ukrainadan 100 minggacha qochqinni qabul qilmoqchi
Olam
−
24 mart 2022
4808Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainadan 100 minggacha qochqinni, birinchi navbatda oila a’zolari AQSHda yashayotganlarni qabul qilmoqchi. Bu haqda bugun, 24 mart kuni Oq uy tarqatgan bayonotda aytiladi.
“Biz ko‘plab ukrainaliklar Ukrainadagi oilalari va uylariga yaqinroq Yevropa [mamlakatlari]da qolishni tanlashini kutayotgan bo‘lsak-da, AQSH bugun Rossiya tajovuzidan qochgan 100 000 ga yaqin ukrainalik va boshqalarni mavjud qonuniy asoslarga ko‘ra qabul qilishni rejalashtirayotganini e’lon qilmoqda.
Biz oila a’zolari allaqachon AQSHda yashayotgan ukrainaliklarni qabul qilishga qaratilgan yangi dasturlarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratamiz. Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar, shuningdek, qochqinlarga yordam ko‘rsatishning boshqa shakllari bir-birini to‘ldirishi va unga juda muhtoj bo‘lgan Ukraina qo‘shnilariga yordam berishini ta’minlash uchun yaqindan muvofiqlashmoqda”, deyiladi Oq uy bayonotida.
Qayd etilishicha, shuningdek, AQSH tomonidan Ukrainaga insonparvarlik yordami uchun 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratiladi.
Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning urushdan jabr ko‘rgan aholisini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishi urg‘ulanmoqda. Shuningdek, Ukraina va uning qo‘shnilariga Demokratiya va inson huquqlari jamg‘armasi orqali 320 million dollar mablag‘ ajratiladi.
Qochqinlar
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hujumlari boshlangan 24 fevraldan beri 3 million 626 ming 546 kishi Ukrainani tark etgan.
Eng ko‘p ukrainalik qochqinlar Polshaga borgan – 2 144 244. Yana 555 021 qochqin Ruminiya chegaralarini kesib o‘tdi. Hozirgacha Moldova 371 104, Vengriya 324 397 va Slovakiya 256 838 ukrainalik qochqinni qabul qilgan.
Bundan tashqari, Ukrainadan Rossiyaga 271 254, Belarusga 4 938 kishi kelgan. Umuman olganda, Ukrainani 3,6 million kishi tark etdi, ichki ko‘chirilganlar soni 6,5 millionga yetdi.
Qo‘shni davlatlar qatorida ko‘plab ukrainaliklar Yevropaning boshqa davlatlarida boshpana topdi.
Bolgariya hukumati bayonotiga ko‘ra, 24 fevraldan 15 martgacha 78 mingga yaqin ukrainalik mamlakatdan boshpana so‘rab murojaat qilgan.
Xorvatiya urush boshlanganidan buyon 8300 ukrainalik qochqin qabul qilingani, 270 mingdan ortiq ukrainaliklar esa Chexiyaga kirgani haqida xabar berdi.
Bundan tashqari, 25 ming ukrainalik Estoniyada, 17 ming nafari Fransiyada, 147 ming nafari Germaniyada, 65 ming nafari Italiyada, 6,3 ming nafari Latviyada, 27 ming nafari Litvada, 11 ming nafari Shveysariya va Buyuk Britaniyadan boshpana topdi.
Ayni vaqtda Turkiyaga 58 ming ukrainalik kelgan.
LiveBarchasi