AQSH, Turkiya va Ukraina Rossiya bosqiniga qarshi birlashishni ko‘rib chiqyapti

Olam

image

AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan kecha, 2 oktyabr kuni Istanbulda Turkiya rahbarining rasmiy vakili Ibrohim Kalin bilan uchrashib, u bilan Ukraina atrofidagi vaziyat va Kiyevni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilish jarayonini muhokama qildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi. 

“Ular Rossiya agressiyasiga qarshi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, jumladan, Rossiyaning Ukraina hududini noqonuniy ravishda qo‘shib olishga urinishlarini qoralash masalalarini muhokama qildilar”, deyiladi bayonotda. 

Qayd etilishicha, Sallivan Turkiyaning Ukraina g‘allasining eksportini osonlashtirishga qaratilgan yordam orqali dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirgan. 

Bundan tashqari, Amerika Prezidenti yordamchisi Turkiya tomoniga “Rossiyada saqlanayotgan ikki amerikalik fuqaroni” ozod qilish bo‘yicha olib borilgan diplomatik ish uchun tashakkur aytgan. 

Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalari, jumladan, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlash, Sharqiy O‘rta yer dengizidagi har qanday kelishmovchiliklarni hal qilish uchun muloqot va diplomatiyaning ahamiyati, Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish yo‘lidagi taraqqiyoti muhokama qilingan. 

Shuningdek, uchrashuvlarda Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ham qatnashgan. Suhbatdoshlar frontdagi vaziyatning rivojlanishi va Rossiya Federatsiyasining so‘nggi agressiv harakatlariga javob berish choralarini muvofiqlashtirishni muhokama qilgan. 

Ukraina Prezidenti devoni rahbari NATOga a’zo bo‘lgunga qadar Ukraina ishonchli xalqaro xavfsizlik kafolatlarini olishi zarurligiga e’tibor qaratgan. 

Andrey Yermak NATOning sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bilan birgalikda u raislik qilayotgan Ukraina xavfsizligini kafolatlash bo‘yicha xalqaro ishchi guruhi Kiyev Xavfsizlik shartnomasi bo‘yicha tavsiyalar tayyorlaganini, uning xulosasi Ukraina tomoniga samarali xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishi kerakligini eslatdi.  

Davlat rahbari devoni rahbari Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olingan Ukraina hududlarida “referendum”lar o‘tkazilishi va ularni anneksiya qilish bo‘yicha noqonuniy qaror qabul qilinishiga keskin munosabat bildirish muhimligini ta’kidladi. 

“Bu referendumlar befoyda, ular haqiqatni o‘zgartirmaydi. Ukrainaning hududiy yaxlitligi tiklanadi. Bu Prezident Vladimir Zelenskiy, Ukrainaning butun harbiy-siyosiy rahbariyati va Ukraina xalqining prinsipial pozitsiyasidir”, deydi u. 

Tomonlar Ukraina armiyasiga xavfsizlik sohasida yordamni davom ettirish, Ukraina mudofaa kuchlarining hozirgi ustuvor ehtiyojlari va bunday yordamni tezda olish va uni mustahkamlash muhimligini muhokama qilgani aytilmoqda. 

Shuningdek, tashrif davomida Andrey Yermak Ibrohim Kalin va Jeyk Sallivan bilan ikki tomonlama formatda alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

189

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing