AQSH TikTok’ni sudga berdi
Olam
−
03 avgust
4289AQSH TikTok va ByteDance kompaniyasini sudga berdi. Bu haqda mamlakat adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSH Adliya vazirligi va Federal Savdo Komissiyasi TikTok va ByteDance’ni bolalar shaxsiy daxlsizligi to‘g‘risidagi qonunlarni buzishda ayblagan. Shuningdek, TikTok videohosting xizmati faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi kerakligi, xalqaro hamjamiyat tartib-qoidalariga amal qilish zarurligi ta’kidlangan.
TikTok bilan bog‘liq ishni hozirda Kaliforniya markaziy okrugi sudi ko‘rib chiqayotgani aytilgan. Sud da’vogarlar murojaatini to‘la o‘rganib chiqib, so‘ngra jarayonlarni boshlashi bildirilgan.
“Da’vo arizasiga ko‘ra, 2019 yildan hozirgi kungacha TikTok bolalarga oddiy akkauntlarni yaratish hamda platformada kattalar va boshqalar ishtirokida qisqa formatdagi video va xabarlar joylash, ko‘rish va tarqatishga ataylab ruxsat bergan”, deyiladi Kaliforniya sudi xabarida.
AQSH Adliya vazirligi TikTok platformasining 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan versiyasini keskin tanqid ostiga olgan. Ushbu tizimda bolalar ro‘yxatdan o‘tish uchun ham elektron pochta manzili va shaxsiy ma’lumotlarini kiritishlariga to‘g‘ri keladi.
Da’vogarlar TikTok rahbariyatidan platformaga ota-ona nazorati tizimini qo‘shish hamda kattalar nazoratisiz ochilgan voyaga yetmaganlar akkauntlarini o‘chirishni talab qilgan. Shuningdek, shaxsiy ma’lumot yig‘ish tizimini soddalashtirish taklif qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq TikTok va uning bosh kompaniyasi ByteDance AQSH hukumatini sudga berib, Prezident Jo Bayden tomonidan imzolangan taqiqqa qarshi chiqishga uringandi.
LiveBarchasi