AQSH telekanali “Putinning asiri” haqida film suratga oldi
Olam
−
14 yanvar 2022
9561HBO Max va CNN Films kompaniyalari Rossiya muxolifati yetakchisi, siyosatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi, davolanishi va Rossiyaga qaytishi haqida hikoya qiladigan hujjatli filmni suratga oldi. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.
Qayd etilishicha, film “Navalniy” deb nomlangan. Kartinaga hujjatli filmlar bo‘yicha mutaxassis kanadalik Deniel Roer rejissyorlik qilgan. U o‘z ishini “bir inson taqdiri va uning avtoritar rejimga qarshi kurashi”, deya ta’riflagan. Film prodyuserlari orasida Navalniyning sherigi Mariya Pevchix ham bor.
Film Shimoliy Amerikadagi CNN telekanalida efirga uzatiladi, uni translatsiya qilish huquqi HBO Max va CNN+ ga tegishli. Film qachondan boshlab namoyish etilishi hozircha noma’lum.
Ma’lumot uchun, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy o‘tgan yilning 20 avgustida Rossiyaning Tomsk shahrida zaharlanganidan so‘ng, Germaniyada 4 oy davolanib, joriy yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va darhol hibsga olindi.
Keyinroq “Iv Roshe” ishi bo‘yicha sud qilingan muxolifatchi 3,5 yilga qamaldi. O‘lishiga bir baxya qolgan Navalniyning o‘zi bir qator intervyu va chiqishlarida joniga suiqasd qilinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinni ayblagan.
2021 yilning 19 yanvar kuni Navalniy tomonidan tashkil qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi “Putinning qasri” haqidagi filmni e’lon qildi. U 100 million martadan ortiq tomosha qilindi, ijtimoiy tarmoqlar esa shu mavzudagi memlarga to‘lib ketdi. Hukumat uning qasr emas, apart-mehmonxona ekanligini va unga Putin emas, balki uning do‘sti Arkadiy Rotenberg egalik qilishini ma’lum qildi.
Moskvaning Simonov tumanlararo sudi 2 fevralda Navalniyni “Iv Roshe” ishi bo‘yicha aybdor deb topib, uning jazoni koloniyada o‘tashi haqida qaror chiqargandi. Moskva shahar sudi 20 fevralda qarorni qonuniy deb topdi va sud hukmi kuchga kirdi. Navalniy koloniyada yana 2,5 yil davomida sud belgilagan jazoni o‘taydi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya muxolifati yetakchisi, siyosatchi Aleksey Navalniy Yevropa Ittifoqining inson huquqlari sohasidagi bosh mukofoti “Fikr erkinligi uchun” Andrey Saxarov mukofotini olgan.
LiveBarchasi