AQSH Tayvanga 500 million dollarlik qurol-yarog‘ yetkazib beradi. Bunga Xitoy nima deydi?
Olam
−
16 may 2023
7747Xitoy Xalq ozodlik armiyasi Vashingtondan sotib olingan qurollar yordamida tayvanlik harbiylarning Xitoydan yakkalanib qolishga urinishlariga barham berish maqsadida urushga tayyorgarlikni kuchaytiradi. Bu haqda bugun, 16 may kuni Xitoy Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Tan Kefey ma’lum qildi.
“Biz Tayvan mustaqillik harakati deb ataladigan separatistlarning rejalarini, shuningdek, tashqi kuchlarning urinishlarini qat’iy ravishda yo‘q qilamiz”, degan u Vashingtonning Taypeyni 500 million dollarlik qurol bilan ta’minlash niyatini izohlar ekan.
Mudofaa vazirligining rasmiy vakiliga ko‘ra, Xitoy armiyasi o‘z mamlakatining suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy himoya qiladi.
“Biz Demokratik progressiv partiya va separatistik kuchlarga Amerika qurollari bilan orolni materik Xitoydan ajratib olishga urinish ularni boshi berk ko‘chaga olib borishini aytamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Tan Kefey.
Shuningdek, u Tayvan masalasiga Xitoy-AQSH munosabatlarida hech qachon kesib o‘tilmasligi kerak bo‘lgan qizil chiziq sifatida qaralishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Jo Baydenning ko‘rsatmasi bilan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda qo‘llaniladigan tezlashtirilgan tartib bo‘yicha Tayvanga ham 500 million dollarlik qurol-yarog‘lar o‘tkazilishi aytilgandi. AQSHning 2023 moliya yili uchun belgilangan mudofaa byudjeti loyihasida esa AQSH rahbariga Taypeyga 1 milliard dollargacha bo‘lgan miqdorda harbiy yordam ko‘rsatish imkoni berilgan.
LiveBarchasi