AQSH Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamaydi – Bayden
Olam
−
15 yanvar
9216Qo‘shma Shtatlar Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden Oq uyning janubiy maydonida jurnalistlar bilan suhbati chog‘ida ma’lum qildi.
Undan Tayvanda bo‘lib o‘tgan so‘nggi saylovlarga izoh berish so‘ralganda, Bayden AQSH Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamasligini, “yagona Xitoy” siyosatini tan olishini aytgan. Bunga qaramay, u avvalroq Tayvanga XXR hujumi sodir bo‘lgan taqdirda orolni himoya qilishga tayyorligini bildirgan edi.
Shu bilan birga, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson (respublikachi) amerikalik kongressmenlar delegatsiyasi joriy yilning may oyida yana Tayvanga tashrif buyurmoqchiligi haqida gapirdi. Tashrif orolning kuni kecha saylangan rahbari Lay Qingdening inauguratsiyasidan keyin rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Qo‘shma Shtatlar Tayvan bilan diplomatik aloqalarni 1979 yilda uzib, Xitoy Xalq Respublikasi bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan. Biroq, Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda.
Shuningdek, AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchi manbai hisoblanadi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Amerikaning orolga bir necha yil davomida yetkazib bergan harbiy yuklarining umumiy miqdori 70 milliard dollardan oshgan.
Eslatib o‘tamiz, 13 yanvar kuni Tayvanda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida hukmron Demokratik progressiv partiyasi vakili Lay Sinde g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edik. Iqtidorga kelgan Sinde prezidentlik faoliyati mobaynida qarama-qarshilik o‘rniga dialogdan foydalanish hamda Pekin bilan almashinuv va hamkorlikni ishonchli rivojlantirish niyatida ekanini ta’kidlagan.
LiveBarchasi