AQSH sudi “Ozodlik” foydasiga qaror chiqardi

Olam

image

AQSHning Kolumbiya okrugi sudi AQSH Global media agentligi (USAGM)ga “Ozodlik” radiosi uchun may oyida ajratilishi kerak bo‘lgan moliyaviy mablag‘ni to‘lash majburiyatini yukladi. Bu haqda radioning o‘zi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sudya Roys Lambert avvalgi da’volarni rad etib, USAGM’ning “yordamni boshqa donorlar, masalan Yevropa Ittifoqi ko‘rsatadi”, degan da’vosini asossiz deb topgan. Unga ko‘ra, bu mablag‘lar iyun oyining oxirigacha yetib kelmaydi, shu bois bugungi moliyaviy inqirozni bartaraf eta olmaydi. Shuningdek, sudya radio hali ham AQSH Kongressi tomonidan 2025 yil uchun tasdiqlangan mablag‘ni olmaganini qayd etgan.

“Ozodlik” radiosi prezidenti Stiven Kapus sud qarorini olqishlagan.

“Kongressning irodasi ravshan. Endi sud yana tasdiqladiki, USAGM may oyidagi mablag‘larni bizga ajratishi shart. Bu mablag‘lar bir oydan beri kechikmoqda va bizning ishimizni davom ettirish uchun zarur. Jurnalistlarimiz USAGM o‘z majburiyatlarini vaqtida bajarmagani sababli juda og‘ir to‘lovga duch kelmoqda”, degan u o‘z bayonotida.

Qolaversa, radio yashab qolishi uchun ko‘pchilik harakat qilmoqda. Masalan, joriy yilning 20 may kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas YeI tomonidan radioga 5,5 million yevro ajratilishini e’lon qildi. Bu mablag‘lar YeIga qo‘shni mamlakatlar, jumladan Kavkaz va Markaziy Osiyodagi eshittirishlar uchun yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida USAGM “Ozodlik”ni moliyalashtirishni to‘xtatgan edi. Bu qaror Prezident Donald Trampning davlat xarajatlarini qisqartirish siyosati doirasida qabul qilingan. Oy yakunida USAGM bu qarorni bekor qilgan bo‘lsa-da, tez orada rus tilidagi “Nastoyaeye vremya” telekanalini translyatsiya qilayotgan ikki sun’iy yo‘ldosh operatori – Astra va Eutelsat  bilan shartnomalarni bekor qildi. 15 apreldan boshlab “Ozodlik” radiosining rus xizmati 1386 kGts chastotadagi o‘rta to‘lqinli efirni to‘xtatdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ozodlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing