AQSH “soya floti”ga mansub yana bir kemani qo‘lga oldi
Olam
−
08:58 1091 2 daqiqa
AQSH harbiylari Hind okeanida sanksiyalarni buzganlikda gumon qilingan Aquila II nomli neft tankerini qo‘lga olganini ma’lum qildi. Bu haqda Pentagonning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berildi.
Bayonotga ko‘ra, Aquila II Prezident Donald Tramp tomonidan sanksiyalar ostidagi kemalar uchun joriy etilgan Karib dengizidagi karantin talablariga zid ravishda harakat qilgan. Kema Karib dengizidan qochib chiqqan, AQSH Mudofaa vazirligi esa uni Karib dengizidan Hind okeanigacha kuzatib borgan. Bayonotda ta’kidlanishicha, dunyoda AQSHdan boshqa birorta davlat bunday miqyosda o‘z irodasini majburan o‘tkaza olish imkoniyatiga ega emas.
MarineTraffic xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, Aquila II tankeri oxirgi marta 99 kun avval o‘z joylashuvi haqida signal uzatgan bo‘lib, o‘shanda u Boltiq dengizida bo‘lgan va Panama bayrog‘i ostida suzgan.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, 6 dekabr kuni Aquila II Venesueladagi Xose terminalida Merey markali qariyb 1 million barrel neft yuklagan. Shu bilan birga, kema o‘z joylashuvi haqida soxta ma’lumotlar uzatgan va yukini yashirishga uringan, bu esa uning “soya floti”ga mansubligidan dalolat beradi.
Vesselfinder portali ma’lumotlariga ko‘ra, Aquila II AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida.
2025 yilning avgustida AQSH Hindistonga nisbatan qo‘shimcha 25 foizlik bojlar joriy qilgan va buni mamlakatning Rossiya neftini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita import qilayotgani bilan izohlagan edi. Nyu-Dehli Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishga va’da bergach, 7 fevral kuni AQSH Hindiston mahsulotlariga nisbatan oshirilgan tariflarni bekor qildi. Shu bilan birga, Vashington Hindiston Rossiyadan neft xaridini qayta boshlasa, barcha hind mahsulotlariga bojlarni yana oshirishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 fevral kuni Hindiston rasmiylari Arab dengizida AQSH sanksiyalari ostidagi uchta tankerni – Nikaragua bayrog‘i ostidagi Al Jafzia, Mali bayrog‘i ostidagi Asphalt Star va Eron bayrog‘i ostidagi Stellar Ruby kemalarini ushlab qolganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi