Ukraina Qrimga yonilg‘i tashiyotgan Rossiyaning sakkizta “soya floti” tankeriga zarba berdi (video)

Olam

image

Ukraina harbiylari bugun, 7 iyul kuni tunda Rossiyaning “soya floti”dagi sakkizta tankeriga dron zarbalarini berdi. Bu haqda Ukraina Dron kuchlari Telegram orqali xabar berdi.

Bayonotda aytilishicha, xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan, har biri taxminan 7 ming tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega tankerlar Azov dengizida nishonga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular bosib olingan Qrimga yonilg‘i yetkazib berayotgan bo‘lgan. Bu Kiyevning yarimorolni yanada yakkalab qo‘yishga qaratilgan harakatlarining bir qismi hisoblanadi.

Bo‘linma tomonidan e’lon qilingan oq-qora dron tasvirlarida kemalarga zarba berilib, ularda yong‘in chiqqanini ko‘rish mumkin.

Qayd etish joiz, Kiyev uzoq vaqtdan buyon xalqaro hamkorlarini Rossiya neftini jahon bozorlariga sanksiyalarni chetlab o‘tib yetkazib berayotgan kemalarga qarshi choralarni kuchaytirishga chaqirib kelmoqda. Ukraina qora dengizda Rossiya neftini tashiyotgan ayrim tankerlarni dengiz dronlari yordamida ishdan chiqarishga qaratilgan hujumlarni amalga oshirib kelyapti. Bu Moskva daromad manbalarini qisqartirishga qaratilgan kampaniyaning bir qismi hisoblanadi.

Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda Rossiya portlariga kirib chiqqan bir qator tankerlarda sababi noma’lum portlashlar ham yuz bergan. Ukraina bu hujumlarga aloqadorligini na tasdiqlagan, na rad etgan. Biroq dengiz xavfsizligi sohasidagi manbalar bu hujumlar ortida Ukraina turgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina bir kecha davomida Moskvaga 430 dan ortiq uchuvchisiz uchish apparatini uchirgani haqida xabar berilgan edi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing