AQSH Shimoliy Koreyada raketa ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlagan shaxslarga sanksiya qo‘lladi
Olam
−
01 Sentabr 2023
3489AQSH Moliya vazirligi Moskvadagi "Intellekt" kompaniyasi va uning bosh direktori Sergey Kozlov hamda Shimoliy Koreya fuqarosi Chon Chin Yonni Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu vazirlik saytida ma’lum qilindi.
Vazirlikning 31 avgust kuni e’lon qilgan bayonotida aytilishicha, bu jismoniy va yuridik shaxslar ommaviy qirg‘in qurollari va ballistik raketalarini noqonuniy ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi KXDRdagi tashkilotlarni bevosita qo‘llab-quvvatlagan yoki daromad keltirishda yordam bergan.
Gap shundaki, Rossiya Federatsiyasida yashovchi Chon Chin Yon Sergey Kozlov bilan birgalikda Shimoliy Koreyadan kelgan qurilish ishchilarini Rossiyada ish bilan ta’minlashni muvofiqlashtirgan va Kozlov yordamida kemasozlikda keng qo‘llaniladigan tovarlar sotib olgan.
Bundan tashqari, Chon Chin Yon Rossiyada ishlaydigan Shimoliy Koreyaning IT-mutaxassislari guruhini boshqargan va uning a’zolariga Kozlov xodimlarining qarindoshlari tomonidan taqdim etilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardan foydalangan holda xalqaro IT bo‘yicha frilanser yollash platformalarida hisoblarni tasdiqlashda yordam bergan.
Shuningdek, AQSH Moliya vazirligi Chon Chin Yon Moskvada “Intellekt” MCHJ va “Ikkinchi Tabiiy fanlar akademiyasi” o‘rtasidagi qo‘shma qurilish loyihasiga mas’ul ekanini bildirgan.
Ushbu kompaniya 2010 yilda AQSH tomonidan ommaviy qirg‘in qurollari yoki ularni nishonga yetkazish vositalarini tarqatish bilan bog‘liq faoliyatda ishtirok etgani uchun sanksiyalangan edi.
Qayd etilishicha, sanksiyalar KXDRning bir hafta oldin ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqish bo‘yicha ikkinchi muvaffaqiyatsiz urinishiga javoban kiritilgan.
“Intellekt" MCHJ 2019 yilda Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning ustav kapitali 10 ming rublni tashkil etadi, uning 2022 yildagi daromadi 3 million rubldan oshgan.
LiveBarchasi