AQSH Rossiyaning uchta kompaniyasini “qora ro‘yxat”ga kiritdi
Olam
−
25 noyabr 2020
6526Rossiyaning “Aviazapchast”, “Elekon” aksiyadorlik kompaniyasi va Nilco Group kompaniyasi Amerika ma’muriyatining sanksiyalariga uchradi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Rasmiy Vashingtonga ko‘ra, ular AQSHning Eron, Shimoliy Koreya, Suriyaga ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi milliy qonunchiligini buzmoqda. Tegishli xabarnoma kecha, 24 noyabr kuni AQSH Davlat departamenti tomonidan ma’lum qilingan.
Ushbu hujjatga ko‘ra, cheklov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror joriy yil 6 noyabrdan kuchga kirgan. Qora ro‘yxatda shuningdek, yana ikkita Xitoy kompaniyasi ham borligi aytilgan.
“6 noyabr kuni AQSH Hukumati xorijiy (yuridik) shaxslarga qarshi Eron, Shimoliy Koreya va Suriyaga qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan choralarini ko‘rdi”, deyilgan xabarnomada.
Qayd etilishicha, cheklovlar ikki yil davomida amal qiladi, ammo ular AQSH Davlat kotibi qarori bilan kamaytirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
AQSH ma’muriyati “qora ro‘yxat”ga tushgan uch tashkilot Eron, KXDR va Suriyaga ommaviy qirg‘in qurollarini yetkazib berganiga aloqador faktlarni ko‘rsatib o‘tmagan.
Ma’lumot o‘rnida, 2018 yilning sentyabr oyida AQSH Savdo vazirligi Nilco Group'ga qarshi sanksiyalar joriy etgan. Bunga kompaniyaning Vashington nuqtai nazaridan AQSH milliy xavfsizligi manfaatlariga zid harakat qilgani sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi