AQSH Rossiyaga javob qaytarish uchun ekspertlar guruhini tuzgan – WP 

Olam

image

Oq uy Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda AQSHning javob choralarini ishlab chiqish uchun ekspertlar guruhini tuzgan. Bu haqda “The Washington Post” nashri xabar berdi.  

Nashrning yozishicha, guruh o‘tgan yilning noyabr oyida tuzilgan. O‘shanda AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan Milliy xavfsizlik kengashining strategik rejalashtirish bo‘yicha direktori Aleks Bikka guruh tuzishni boshlash iltimosi bilan murojaat qilgan. Bik Mudofaa vazirligi, Davlat departamenti, Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki xavfsizlik vazirligi mutaxassislarini, shuningdek, razvedka va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi vakillarini jalb qilgan. 

Guruh o‘z faoliyati davomida AQSH Rossiya bosqinining birinchi kunidan boshlab, shuningdek, dastlabki ikki hafta ichida ko‘rishi mumkin bo‘lgan bir qator tezkor javoblarni tavsiflovchi qo‘llanma yaratgan. Bundan tashqari, Kiyevdagi AQSH elchixonasi xavfsizligi, ukrainalik qochqinlar muammosini hal qilish yo‘llari, Moskvaga qarshi aniq sanksiyalar, kiberhujumlarga qarshi kurash, shuningdek, Rossiya sanksiyalarga javoban qo‘llashi mumkin bo‘lgan qadamlar muhokama qilinadi. 

Ta’kidlanishicha, AQSH Prezidenti Jo Bayden mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan qo‘llanma mazmuni bilan tanishgan. 

Qayd etish kerakki, Ukraina atrofidagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan. 

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Ukraina

Baholaganlar

217

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing