AQSH Rossiyadan uran sotib olishni ham taqiqladi
Olam
−
14 may
3671AQSH Prezidenti Jo Bayden avvalroq parlamentning har ikki palatasi tomonidan qabul qilingan Rossiya uranini import qilishni taqiqlovchi qonunni imzoladi. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jeyk Sallivan qonunni "tarixiy" deb atadi va u iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishini qo‘shimcha qildi.
"The Washington Post" nashrining yozishicha, taqiq qonun qabul qilinganidan 90 kun o‘tib, kuchga kiradi.
Rasmiylar ushbu qonun AQSHning yadro energetikasi sohasida Rossiyaga qaramligini yo‘q qilishini ta’kidlagan.
“Yangi qonun Amerikaning yadro sektoridagi yetakchiligini tiklaydi. Bu kelajak avlodlar uchun energetika sohasi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Kongress yaqinda Prezidentning iltimosiga binoan ajratgan misli ko‘rilmagan 2,72 milliard dollarlik mablag‘ yangi imkoniyatlarni ochadi", degan Jeyk Sallivan bu haqda gapirib.
Rossiyaning Ukrainaga urushi avvalida Qo‘shma Shtatlar Rossiya uranini import qilishni taqiqlamagan edi. Bunga Rossiyadan uran importi "Amerika atom elektr stansiyalari uchun juda muhim"ligi asos qilib keltirilgan.
Joriy yilning mart oyi boshida Senat Rossiya uranini import qilishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ovoz berdi.
Bundan tashqari, o‘tgan yilning dekabr oyida AQSH Kanada, Fransiya, Yaponiya va Buyuk Britaniya bilan mamlakatlarda uranni boyitishni kengaytirish uchun birgalikda 4,2 milliard dollar sarmoya kiritishga kelishib oldi.
Amerika kompaniyalari Rossiyaga tijorat yadro reaktorlari uchun asosiy yoqilg‘i bo‘lgan boyitilgan uran uchun yiliga taxminan 1 milliard dollar to‘lagan. Rosatom Qo‘shma Shtatlardagi 93 ta yadro reaktorlarida ishlatiladigan boyitilgan uranning taxminan 20 foizini yetkazib bergan.
LiveBarchasi